Yig‘ilish madaniyati, u bizda qay darajada shakllangan?

Keyingi paytda aholi o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolavha va audioyozuvlar ana shu savolni yuzaga chiqarmoqda.

Odatda, muhim masalalar, ma’raka va marosimlar shu ishga daxldor kishilar ishtirokida avval muhokama qilib olinadi, uning sabab va oqibatlari tahlil qilinadi. Bu mashvarat, maslahat ham deb nomlanadi. Hozirgi davr tilida aytganda yig‘ilish, majlis.

Bunday yig‘inlarda el o‘rtasida obro‘li, so‘zi salmoqli kishilar, biror ishga mas’ullar jam bo‘ladi va ularning har biridan fikr so‘raladi. Aytilgan fikrlar, takliflar, xulosalar – hammasi taroziga qo‘yilib, eng maqbullari tanlanadi, shunga qarab vazifalar, yumushlar taqsimlanadi. Maqsad – kutilayotgan tadbirni ko‘ngildagidek o‘tkazish, belgilanayotgan yumushni bekamu ko‘st ado etish.

Demoqchimizki, muhim masalalarni ko‘pchilik ishtirokida muhokama qilib olish kecha yoki bugun paydo bo‘lgan tadbir emas. Siyosat yoki tuzum tufayli yuzaga kelgan deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Azaldan ota-bobolarimiz shunday yo‘l tutgan, har bir ishni maslahat bilan boshlagan. Sohibqiron Amir Temur ham o‘z tuzuklarida salatanatni kengash bilan boshqarganini qayd etgan.

Afsuski, bugun turli idoralar, boshqaruv organlari yig‘ilish, majlislarini kengash, maslahat va mashvaratga qiyoslab bo‘lmaydi. Bu yig‘inlar go‘yo ayrim rahbarlarning qo‘l ostidagilarni ko‘pchilik oldida izza qiladigan, obro‘sizlantiradigan, hatto haqoratlashgacha boradigan majlisiga aylanib qolgan. Shuning uchun ham yig‘ilishga deb chaqirishsa, yurak hovuchlab keladiganlar bor. Bunday tadbirlardan yurak og‘rig‘ini orttirib olganlar qancha?!

Davlat rahbarining qayta-qayta ogohlantirishlari tufayli dam olish kunlari yoki ish vaqtidan tashqari paytda majlis o‘tkazish holatlariga chek qo‘yildi (Shunda ham quyi tizimdagi ayrim rahbarlar bu tarzda yig‘ilish o‘tkazishga urinayotganini eshityapmiz).

Garchi bugun ancha kamaygan bo‘lsa-da, ishtirokchilarni yig‘ilishga belgilangan vaqtdan ancha oldin chaqirish holatlari uchraydi. Ko‘pincha bundan rahbarning xabari ham bo‘lmaydi, majlisga mas’ullar “yavka”ni ta’minlash uchun shunday yo‘l tutadi. Keyin qo‘l telefonni tashqarida qoldirib kirish talabi qo‘yiladi. Bunga ham turli vajlar ko‘rsatiladi. Ammo yig‘ilishdagi gap-so‘zlarni yozib olaman, buni ijtimoiy tarmoqda tarqataman, degan odam boshqa vositalar va yo‘llar bilan ham bu ishni qilishi mumkin-ku. Yoki majlisda qatnashgan odam u yerdagi gaplarni jamoasida, boshqa davrada aytmaydimi? Rahbarning kimga qanday munosabatda bo‘lgani, kimni haqorat qilgani haqidagi gap yig‘ilishdan so‘ng darrov tarqalyapti-ku.

Yig‘ilishlarni bu tarzda yopiq, muomala-munosabat chegarasidan chiqqan holda o‘tkazishdan ko‘ra, har kimning faoliyatiga zimmasidagi vazifa va majburiyatini qay darajada bajarayotganiga qarab baho berish, qonuniy chora ko‘rish ma’qul emasmi? Shunday yo‘l tutilganda ish tartibli ketayotgani, ortiqcha gap-so‘zlar chiqmayotganini ham ko‘ryapmiz-ku.

Ayrim rahbarlarga bu haqda aytsangiz, yig‘ilish qilib, odamlarga qattiq gapirmasangiz ish ketmaydi, deb bahona qilishadi. Yoki shu yo‘l bilan qo‘l ostidagilarni tartibga chaqirmoqchi, ish bir maromda ketishini ta’minlamoqchi bo‘lishadi. Aslida esa berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi vazifalarning to‘g‘ri va adolatli qo‘yilishi, jamoada tartib-intizom ta’minlanganiga bog‘liq.

Nega ko‘pchilik xususiy sektor yoki xorijiy kompaniyalarda ishlashni ma’qul ko‘rmoqda? Sabab – bu jamoalarda har kimning o‘z vazifasi, majburiyati bor. Undan o‘z majburiyatidan boshqa narsa talab qilinmaydi. Har kim o‘z ishini qiladi va ishdan tashqari vaqtini o‘zi belgilaydi, oilasi davrasida o‘tkazadi, dam oladi.

Bugun davlat idoralari, korxona va tashkilotlarda ham inson resurslaridan samarali foydalanish, ish beruvchi va xodim munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ko‘plab hujjatlar qabul qilindi, tartiblar ishlab chiqildi. Gap ana shu hujjatlarning ijrosi ta’minlanishida qolmoqda.

G‘olib HASANOV.