Yil boshidan buyon Samarqandda qonun talablariga zid bo‘lgan 5539 ta tashqi reklama vositalari olib tashlandi

O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yaqinda Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!» shiori ostida respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilgandi. 

Tanlovda Toyloq tumani hokimligi «Davlat tili  ustuvorligi ta’minlangan eng namunali hudud» sifatida e’tirof etilgandi.

Bugun ko‘cha-ko‘ydagi reklama va e’lonlar, korxona va tashkilotlar nomi, ish hujjatlarida yoki ommaviy axborot vositalaridagi yozuvlarda ham turli xatolar kuzatilayotgan, davlat tiliga oid qonun talablari buzilayotgan holatlar uchrab turganda bunday e’tirof katta gap, albatta. Ikkinchi tomondan esa bu departamentning davlat tili haqidagi qonun ijrosini ta’minlashda turli tanlov va ma’naviy tadbirlardan foydalanayotgani o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.

Xo‘sh, rostdan ham Toyloq tumanida davlat tili ustuvorligi ta’minlanganmi, qonunga zid nomlar, hujjatlar, ma’lumotnomalar uchramaydimi?

– Aslida, faqat Toyloqda emas, butun viloyatimizda davlat tilining ustuvorligi ta’minlanmoqda, desak xato bo‘lmaydi, – deydi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya yetilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov. – Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Lekin bu hammasi qonun talablari asosida, risoladagidek ketmoqda, degani emas. Hali hujjat yuritish, joylarni nomlash, turli reklama va ko‘rgazmali vositalardagi yozuvlarda davlat tilidagi qonunga to‘la rioya qilinmoqda, deb aytolmaymiz. Xatolar, kamchiliklar bor. Muhimi, bu kamchiliklarni bartaraf etish, xatolarni tuzatish uchun harakat boshlangan, bunga imkoniyat va salohiyatimiz yetarli. Bu borada barcha tuman va shahar hokimlarining ushbu masalaga mas’ul maslahatchilari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi va hududiy bo‘linmalari, yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari, hokimliklar huzuridagi toponimik ob’yektlarga nom berish komissiyalari, oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Birgalikda ishlab chiqilgan dastur, rejalarimiz bor va faoliyatni shu asosida yo‘lga qo‘yganmiz.

Ayni paytda hokimliklar, boshqarma va idoralarda ish yuritish davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida amalga oshirilmoqda. Viloyatimizdagi davriy nashrlar ham yangi alifboda chop etilmoqda. Viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari xodimlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonun va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash maqsadida muntazam ravishda haftaning juma kuni o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritilishi doimiy ravishda o‘rganib boriladi. Birgina shu yilning o‘zida viloyat boshqarma va idoralari, tuman va shaharlardagi tashkilotlarda 295 marta shunday o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijalari hokimliklar apparat yig‘ilishlarida tanqidiy muhokama qilinib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 45 ta boshqarma, tashkilot va muassasa rahbarlariga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rildi.

Geografik ob’yektlarni nomlash, qayta nomlash borasidagi ishlar davomida 8997 ta geografik ob’yekt bo‘yicha ekspertiza xulosalari olinib, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlandi va davlat reyestri bazasiga kiritildi.

Bulung‘ur tumanidagi nomi qonun talablariga zid bitta mahalla, nomsiz 30 ta ko‘cha, Paxtachi tumanidagi 87 ta ko‘cha bo‘yicha ekspertiza xulosasi olish uchun kadastr agentligiga yuborildi.

– Aholi yashash manzillari, ko‘chalarga nom berishda hududning tarixi, odamlar turmush tarziga alohida e’tibor qaratilmoqda, imkon qadar, aholiga tushunarli, tarixiy nomlar berilmoqda, – deya so‘zida davom etadi Sh.Temirov. – Lekin ba’zida ayrim mahallalarda ko‘chalarga nom berishda aholi shu hududda yashab o‘tgan taniqli kishilar nomini qo‘yishni talab qiladi, bu borada hudud odamlari qarindosh-urug‘chilikka berilib ketadi. Vaholanki, qonunchilikda geografik ob’yektlarga shaxslar nomini berishning aniq tartib va mezonlari belgilangan. Buni aholiga tushuntirganimizdan so‘ng turli tarafkashliklarga chek qo‘yilmoqda.

Bugungi kunda davlat tilida ish yuritishda eng ko‘p yuzaga kelayotgan muammo bu – tashqi yozuvlar, jumladan, peshlavha, reklama va e’lonlar, ko‘rgazmali va axborot matnlarining boshqa tillarda, o‘zbek tilida tayyorlanganda ham ko‘plab xatolar bilan yozilishidir. Shuning uchun barcha tuman va shaharlarda ushbu yo‘nalishda doimiy ravishda o‘rganish olib boradigan ishchi guruhlar tashkil etilgan. Mazkur ishchi guruhlar tomonidan yil boshidan buyon viloyatda qonun talablariga zid bo‘lgan 5539 ta, jumladan, Samarqand shahrida 1659 ta, Samarqand tumanida 655 ta, Toyloqda 589 ta, Urgut tumanida 461 ta,  Ishtixon tumanida 412 ta tashqi reklama vositalari olib tashlandi. Bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 34 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.

Til – millat ko‘zgusi, har bir xalq, davlatni namoyon etuvchi muhim belgilardan biri. Davlat tili esa o‘sha yurtning bayroq, gerb singari asosiy ramzlaridan hisoblanadi va davlat ramzlari qatorida hurmat qilinishi, e’zozlanishi lozim. Shuning uchun davlat tili va uni qo‘llash bo‘yicha qonun, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinadi. Bu qonunlarga rioya etishga esa shu yurtda yashovchi barcha fuqarolar burchli. 

Bugun dunyoda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar 60 milliondan oshdi. 50 dan ortiq xorijiy oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili o‘qitilmoqda. Bunday ma’lumotlar, albatta, kishiga g‘urur bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, ona tilimiz, davlat tili – o‘zbek tilining nufuzini oshirish, mavqeini mustahkamlashga davlat tashkilotlari va turli xil tuzilmalar qatorida har birimiz, har bir o‘zbekistonlik hissa qo‘shmog‘i, bunga intilmog‘i lozim.

G‘olib HASANOV.