"Yiliga 260 foiz foyda": Ana shu va’da bilan moliyaviy piramida tashkil qilganlar qo‘lga olindi

Toshkent shahrida Golden Cash store MChJ shaklidagi xorijiy korxona ta’sis etib, fuqarolarga 260 foizgacha foyda ko‘rishini va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yil 15 yanvar kuni Ukraina fuqarosi 29 yoshli M.M. Toshkent shahrida MChJ tashkil etib, bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan va korxonaning asosiy faoliyati chakana savdo bo‘lsa-da, internet orqali korxonadan tilla va kumush buyum sotib olish yo‘li bilan yillik 260 foizgacha daromad berib borishini aytib, fuqarolardan pul mablag‘larini olgan.

Qayd etilishicha, ular mijozlar oldidagi majburiyatini yangi mijozlar hisobidan yopib, respublika bo‘yicha ko‘plab fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pullarini qo‘lga kiritgan.

2021 yilning 17 noyabr kuni Toshkent shahar Tergov boshqarmasi Golden Cash store MChJning mansabdor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida chet el fuqarolari M.M., V.K., S.T., A.S. va X.Sh.ga 188-1-moddasi 2-qismi «v, g» bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, har biriga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolarga yetkazilgan zarar aniqlanmoqda.