“Yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni” dasturi amalga oshirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Xolmurodov Past Darg‘om saylovchilar bilan uchrashdi.

Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning saylovoldi dasturida 2030 yilgacha qo‘shimcha ikki mingta bog‘cha qurilishi, bog‘cha qurishda ishtirok etuvchi korxonalar rag‘batlantirilishi, ehtiyojmand oilalarning bog‘cha xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi hamda barcha bog‘chalar kompyuter sinfi bilan ta’minlanishi qayd etilganini bildirdi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari beriladi.
Shuningdek, maktablarda xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar berish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ta’lim planshetlari bilan ta’minlash, chekka hududlarda bepul maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish, kelgusi yetti yilda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish uchun 1 milliard dollar ajratish dasturda belgilangan muhim yo‘nalishlardan.