Yillik mehnat ta’tillari qay tartibda hisoblanmoqda?
Joriy yilning 30 aprelidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi amaliyotga joriy qilindi. Mazkur kodeksning 14-bob, 216-235-moddalarida «Har yilgi mehnat ta’tili» bo‘yicha normalar belgilangan.
Unga ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir. Uning turlari quyidagilardan iborat:
- asosiy mehnat ta’tili (har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan);
- qo‘shimcha mehnat ta’tili.
Har yilgi asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etadi. Bu muddatdan kam ta’til berilishi mehnat qonunchiligi talabini buzish hisoblanadi.
Har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til
Bundan tashqari, Kodeksda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tillar muddatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:
- yoshi va sog‘lig‘ining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:
- 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga - 30 kalendar kun;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga – 30 kalendar kun.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga davomiyligi 27 kalendar kun bo‘lgan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi, bundan davlat xodimlarining ayrim toifalari uchun qonunda har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilning uzoqroq davomiyligi belgilangan hollar mustasno.
Har yilgi qo‘shimcha ta’tillar:
- Mehnat kodeksi bo‘yicha quyidagi hollarda har yilgi qo‘shimcha ta’tillar:
mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan xodimlarga;
- noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga;
- bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
- qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda beriladi.
Mehnat kodeksining 220-moddasiga asosan, xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har 5 yil uchun davomiyligi 2 kalendar kun bo‘lgan, biroq jami 8 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi.
Misol uchun, xodimning ushbu tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har 5 yil ish stajiga 2 kalendar kun, 10 yil ish stajiga 4 kalendar kun, 15 yil stajiga 6 kalendar kun, 20 yil va undan ortiq ishlagan ish stajiga 8 kalendar kun har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi.
Qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida ushbu 220-moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tilini olish huquqini beruvchi ish stajiga boshqa ish beruvchidagi yoxud boshqa tarmoqdagi ish stajini kiritish nazarda tutilishi mumkin.
Ta’tillar davomiyligini hisoblab chiqarish:
Amaldagi Mehnat kodeksida ta’til muddatlarini kalendar kunlarda hisoblanishi belgilandi. Eski Mehnat kodeksida ta’til muddatlari ish kunida hisoblanardi, bunda haftaning yakshanba kuni ta’til muddatini hisoblashda inobatga olinmas edi. Ya’ni, endi xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi.
Har yilgi mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta’tillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi.
Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
Ishning birinchi yili uchun har yilgi mehnat ta’tili quyidagi toifadagi xodimlarga ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘langan holda to‘liq davomiylikda beriladi:
- har yilgi mehnat ta’tili o‘quvchilarning yozgi ta’tili davrida beriladigan ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchilar tarkibiga va uslubiyotchilariga. Ushbu toifadagi xodimlarning ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tiliga to‘liq hajmda haq to‘lanadi;
- birinchi ish yilida olti oydan kam ishlagan o‘rindoshlarga - asosiy ishi bo‘yicha har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda mehnat ta’tili berilganda.
Mehnat ta’tilini hisoblashda xodimning ish yili
Ish beruvchilar tomonidan xodimlarga yillik mehnat ta’tili berish uchun ish yilini hisoblashda xatoga yo‘l qo‘yish xolatlari ko‘p kuzatilmoqda.
Ish yili deganda xodimning muayyan ish beruvchida o‘n ikki oyga teng bo‘lgan va haqiqatda ish boshlangan sanadan e’tiboran hisoblab chiqariladigan ish davri tushuniladi. Misol uchun, xodim 2015 yil 4 avgustdan ishga qabul qilingan bo‘lsa, ushbu xodimning 2023 yildagi mehnat ta’tili uchun ish yili 04.08.2022 yildan 04.08.2023 yilgacha deb hisobga olinadi.
Ta’til olish huquqini beradigan ish staji
Amaldagi Mehnat kodeksining 226-moddasida har yilgi mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish tartibi belgilangan.
Har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga quyidagilar kiradi:
- ish yili davomida haqiqatda ishlangan vaqt;
- xodim haqiqatda ishlamagan, lekin mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq uning ish o‘rni (lavozimi) saqlangan vaqt, shu jumladan, har yilgi mehnat ta’tili vaqti, dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa davrlari;
- mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganda, xodim boshqa ishga o‘tkazilganda yoki u ishdan chetlashtirilganda va kelgusida xodim avvalgi ishiga tiklanganda majburiy progul vaqti;
- agar tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslik yoki mehnatni muhofaza qilish sohasida bilim va ko‘nikmalar tekshiruvidan o‘tmaslik xodimning aybisiz yuz bergan bo‘lsa, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan o‘tmagan hamda bilim va ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tmagan xodim ishdan chetlashtirilgan davr;
- agar xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, mehnat majburiyatlarining buzilishidagi xodimning aybi tasdiqlanmasa yoxud mehnat majburiyatlarini buzish faktining o‘zi tasdiqlanmasa, ushbu xizmat tekshiruvini o‘tkazish vaqtida xodim ishdan chetlashtirilgan davr;
- xodimning iltimosiga ko‘ra beriladigan, ish yili davomida ikki haftadan oshmaydigan ish haqi saqlanmaydigan ta’tillar vaqti;
- jamoa kelishuvlarida, shuningdek, jamoa shartnomasida va ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari.
Har yilgi asosiy mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish staji jumlasiga quyidagilar kiritilmaydi:
- xodim uzrli sabablarsiz ishda bo‘lmagan vaqt;
- xodim ishdan chetlashtirilgan davrlar, bundan ushbu 226-modda birinchi qismining to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
- bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar vaqti.
Shuningdek, ayrim hollarda ish beruvchi tomonidan xodimning homiladorlik va tug‘ish ta’tillarida, mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lgan vaqti yillik mehnat ta’tillarini hisoblashda inobatga olinmasligi kuzatilmoqda, ushbu holat mehnat qonunchilik hujjatlarini buzish hisoblanadi.
Uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish
Xodimlar quyidagi hollarda har yilgi mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega:
- vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
- homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlanganda;
- har yilgi mehnat ta’tili o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;
- davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda, agar qonunchilikda bunday majburiyatlarni bajarish uchun ishdan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lsa;
- jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Xodim har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan, yuzaga kelgan sabablar to‘g‘risida ish beruvchini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.
Ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga ko‘ra joriy yilda har yilgi mehnat ta’tilini to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan ta’tilning o‘n to‘rt kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin bo‘lib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart.
Darvoqe, har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun xodimga haq to‘lash jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda, biroq ta’til boshlanguniga qadar oxirgi ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan tashqari pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkin.
Ma’mur JUMANOV,
Urgut tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i, 2-darajali yurist.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.