O‘qituvchiga qay tartibda va qancha mehnat ta’tili hisoblanadi?
- Maktablardagi ta’mirlash ishlarida ota-onalar yordam bermoqda. Shifoxonalarda esa tibbiyot xodimlari majburlikdan kerakli dori-darmon va sovun kukunlarni bemorlardan so‘raydi. Buning uchun byudjetdan mablag‘ ajratilmaydimi?
S.Ochilov,
Samarqand shahri.
- Maktablarni joriy ta’mirlash xarajatlari uchun joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan 24,5 milliard so‘m, tejamkor lampalar, supurgi, qog‘oz uchun 5,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shifoxonalarga dori-darmon uchun jami 85,1 milliard so‘m, kir yuvish xarajatlari, sovun va boshqa tozalovchi vositalar uchun 777,5 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
* * *
- 14 yoshgacha bolali oilalarning barchasiga nafaqa to‘lanadimi?
I.Abdullayev,
Toyloq tumani.
- 14 yoshgacha bolali oilalarga nafaqa Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tayinlanadi va to‘lanadi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan mart-iyun oylarida muddati tugaydigan 14 yoshgacha va 2 yoshgacha nafaqa hamda moddiy yordam oluvchilarning to‘lov muddatlari hech qanday hujjat talab qilinmagan holda 6 oyga uzaytirildi.
* * *
- 1,9 million so‘m oylik olayotgan o‘qituvchiga qancha mehnat ta’tili hisoblanadi?
S.Tog‘ayeva,
Past Darg‘om tumani.
- Mehnat ta’tillarini hisoblashda bazaviy hisoblash miqdori o‘rtacha ish haqi miqdoridan olinadi. Umumta’lim muassasalarida o‘rtacha ish haqi miqdorini 24,5 ga bo‘lish bilan o‘rtacha kunlik ish haqi miqdori hisoblanadi. Ya’ni, agar o‘rtacha ish haqi 1 900 000 so‘m bo‘lganda, kunlik ish haqi (1 900 000 / 25,4 ) 74 803 so‘m. O‘qituvchilarning ta’til kunlari 48 kun qilib belgilanganligini hisobga olsak, 74 803 x 48 = 3 590 551 so‘m mehnat ta’tili belgilanadi.
Savollarga viloyat moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati mutaxassislari tomonidan javob berildi.