Xodimlarning mehnat ta’tili tugadi. Ammo karantin tufayli ta’lim muassasalarida ish boshlanmadi. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarida faoliyat boshlanmagani munosabati bilan xodimning mehnat ta’tili tugash kuni ishga chiqish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, ish beruvchi nomiga muddati va boshlanish sanasi ko‘rsatilgan ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’til olish bo‘yicha yoki masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazish to‘g‘risida arizani yuboradi.
Ushbu holatda ish beruvchi xodimga arizasida ko‘rsatilgan sanadan boshlab to‘liq muddatga ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’til berishga majbur.
Shuni unutmaslik kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasiga asosan xodimning arizasiga ko‘ra, unga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berilishi mumkin. Uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Lekin u o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Biroq karantin choralari amal qilib turgan vaqtda Mehnat kodeksining mazkur talablari amaliyotga tatbiq etilmaydi.
Xodimga uning arizasiga binoan beriladigan ish haqi saqlanmagan holda beriladigan mehnat ta’tilining muddati maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim muassasalarining faoliyati to‘xtashi muddatidan oshmasligi kerak.
Orif MUHAMMADIYeV,
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi mas’ul xodimi.