Yilning ishbilarmon ayoli aniqlandi
Mustaqillikning 31 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori asosida “Ishbilarmon ayol-2022” hududiy respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov O‘zLiDeP viloyat Kengashi tomonidan o‘tkazildi.
- Bugun viloyatda 22 mingdan ortiq kishi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ularning 3 mingdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil qiladi, - deydi O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi Ayollarning siyosiy faolligini, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi boshlig‘i Marhabo Chuliyeva. - 2016 yildan boshlab o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tanlov doirasida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etgan xotin-qizlar soni jami 5486 nafardan oshdi.
“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi doirasida 16 ta tuman, shahar bosqichlari tashkil etilib, tanlovda faol ishtirok etgan 1022 nafar tadbirkor, fermer, hunarmand, ishlab chiqarish sohasi vakillaridan iborat xotin-qizlardan 16 nafari tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma olishdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘ringa Samarqand tumanidagi zardo‘zlik yo‘nalishida milliy kiyim-kechak mahsulotlari bilan ishtirok etgan "Zulxumor" xususiy korxonasi rahbari Zulxumor Zohidova, 2-o‘ringa jomboylik "Sherboyev Murodullo" chorvachilik fermer xo‘jaligi raisi Gulchehra Sherboyeva, 3-o‘rin toyloqlik "Farhod montaj servis" korxonasi rahbari Sabina Hakimova munosib ko‘rildi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.