Yo‘lda. (Bo‘lgan voqea)
Kunduz kuni katta yo‘lda Qarshi shahri tomon ketyapmiz, chap tarafda tog‘ etaklaridagi qishloqlar, o‘ng tarafda bog‘-rog‘lar, ekinzorlarga qarab bahri-diling ochiladi.
- Hayot bunchalar go‘zal, –dedi hamrohim atrofga suqlanib boqar ekan. - Yashagan sari yashaging keladi. Afsuski, odamzot umri cheklangan. Ammo har doim uning qadriga yetavermaymiz.
- Ha, to‘g‘ri, - dedim xayolim bo‘linib.
Orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgudan chiroqlarini o‘chirib-yoqib, qator mashinalarni quvib o‘tib kelayotgan yengil mashina ko‘rindi. Darhol tezlikni pasaytirib, mashinani o‘ngga oldim. Yonimizdan yap-yangi "Neksiya" quyundek uchib o‘tib ketdi. Tezligi soatiga 120-130 kilometrdan kam emasdi.
- Nima balo, yov quvib kelyaptimikan, - sherigim kayfiyati buzilib norozi ohangda to‘ng‘illadi. - Yo, biror narsadan quruq qolishyaptimikan...?
Yigirma daqiqalar o‘tib, Ayritomga yaqinlashib qoldik. Yo‘l-patrul posti yaqinida katta yo‘lda odamlar o‘ymalashib turar, yo‘ldan pastda bizni quvib o‘tgan "Neksiya" to‘rt g‘ildiragi osmonda ag‘darilib yotardi. Mashinani to‘xtatib yaqin bordik.
- Katta tezlikda muyulish borligini bilmay ag‘darilib ketibdi, - dedi to‘planib turganlardan biri.
- Essizgina yigitlar... - xo‘rsindi sherigim.
Qarshi shahriga borguncha men ham, sherigim ham miq etmadik. Ikkimiz ham hodisadan qattiq ta’sirlanib xayolga cho‘mgan edik.
T.Murod.