Yo‘ldosh Eshbek: "Ostonangga dilimning torlarini boyladim"

Taniqli shoir Yo‘ldosh Eshbek 1952 yil 1 sentyabrda Ishtixon tumanida tavallud topdi. O‘rta maktabni tugatib, ToshDUning filologiya fakultetida tahsil oldi.

Dastlabki she’rlar to‘plami «Sog‘inib yashayman» nomi bilan 1981 yilda chop etildi. Shundan keyin shoirning «Yuksak daraxtlar», «Moviy turnalar», «Yaxshilikka qarayman», «Daraxtlar ertagi», «Hayot chechagi», «Mangu masofa» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Imom G‘azzoliyning «Ey farzand», Ahmad Lutfiyning «O‘gay ona», «Hazrati Ali», Fotima Temurning «Ko‘ngil do‘stlari» («Tazkirat ul-avliyo»), Amina Shank o‘g‘lining «Vijdon azobi»ni hamda O‘ljas Sulaymon («Sopol kitob») va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1998 yilda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
***
Qadim ohanglarda

Ostonangga dilimning
Torlarini boyladim.
Men bir dunyo suluvdan
Sen suluvni sayladim.

Sayladimu ko‘zimda
Halqob-halqob yosh bo‘ldi.
Bu bevafo dunyoning
Bag‘ri menga tosh bo‘ldi.

Sen yulduzsan — qo‘l yetmas,
Oshiq bo‘ldim, suluvim.
Endi sening o‘rningga
Qo‘shiq qoldi, suluvim.

Bir qo‘shiqki, dilimning
Tublariga zil bo‘lar.
Aytsam ohdir, aytmasam –
Sarg‘aytirib sil qilar.

Ostonangga dilimning
Torlarini boyladim.
Men bir dunyo suluvdan
Sen suluvni sayladim.

Eshiging zulfaklari
Tillo ekan, bildim-ku.
Qo‘lim kalta ekanin
Bilib, bag‘rim tildim-ku.

Tilim bag‘rim ichinda
Darding sizib yotadi.
Qo‘shiq qilib qalbimni
Ko‘zlarimga otadi:

Ko‘zlarimda aylangan
Halqob-halqob yosh bo‘ldi.
Bu bevafo dunyoning
Bag‘ri menga tosh bo‘ldi.