Yolg‘on axborot jamiyatga ham, davlatga ham zarar keltiradi

Infodemiya nima?
Koronavirusga oid axborotni yoritishda STORYTELLINGdan qanday foydalansa bo‘ladi?
Samarqand shahrida UNICEF, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamkorligida tashkil etilgan treningda shu kabi savollarga javob berildi?
Ikki kun davom etgan mashg‘ulotda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Darya Osmanova, trener Parvina Omonova jurnalist va blogerlarga COVID-19 mavzusini yoritishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim omillar, yolg‘on axborotni farqlash, raddiya berish hamda ma’lumotlarni tezkor va samarali tahlil qilish yo‘llarini o‘rgatdi.
Koronavirus pandemiyasi davrida aholining tezkor axborotga bo‘lgan ehtiyoji oshdi. Bu ehtiyoj qondirilmagach, media olamidagi bo‘shliq aholi orasida vahima uyg‘otishga qaratilgan turli noto‘g‘ri, mish-mishlarga asoslangan yolg‘on ma’lumotlar bilan to‘ldirila boshlandi. “Infodemiya” tushunchasi ayni shu fenomenga nisbatan qo‘llaniladi.
— Karantin vaqtida yolg‘on axborot jamiyatga, davlatga qanday zarar keltirishi mumkinligini barchamiz bilib oldik, — deydi D.Osmanova. — Afsuski, bunday ma’lumotlarning tarqalishida ba’zi ommaviy axborot vositalari ham vositachi bo‘ldi. Sababi, tahlil yetarli bo‘lmadi. Treningdan maqsad — jurnalist va blogerlarni ayni mavzuga oid axborot bilan ishlash, yolg‘onni haqiqatdan ajratishga o‘rgatish, jarayonda zamonaviy jurnalistikaning tvitter format, storitelling, faktcheking kabi format va vositalaridan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish.
Tadbirda Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari ham ishtirok etib, dunyo va yurtimizdagi epidemiologik vaziyat, koronavirusga qarshi emlanishning ijtimoiy ahamiyati haqida ma’lumot berishdi.
Asqar Barotov.