Yo‘llarning egasi bormi?
Bundan 5-6 yil avval Urgut tumanining Omonqo‘ton mahallasiga dafn marosimiga borish lozim bo‘lib qoldi. Samarqand shahrining So‘zangaron ko‘chasidan taksiga o‘tirib, Qashqadaryoning Kitob tumani tomoniga harakatlana boshladik.
Ko‘p o‘tmay Urgut tumanining Bahrin qishlog‘iga yetib bordik. Birdaniga yo‘lning o‘ng tomoniga juda ko‘p odamlar gavjum turganini ko‘rib haydovchi mashinani birdan sekinlatdi. Odatda shunday paytda har bir kishining diqqat-e’tibori bu joyda qanday voqea sodir bo‘lgani qiziqtiradi, albatta. Manzara juda xunuk va achinarli edi. Xuddu kinolarda dushmanlar ishg‘ol qilgan shaharni eslatar edi. Haydovchining rangi bo‘zdek oqarib ketdi. Mening sochlarim etimga qo‘shilib xuddi qumursqalar kirib olgandek bo‘ldi. Yo‘l chetida qip-qizil pomidorlar ezilib yotar edi. Bir nechta yashiklarni sinig‘i, chelaklarni pachoq bo‘lganligini, kartoshka va olmalarni har tomonga sochilib yotganini yana kimdir dod deyayotgani va yana kimdir bosh egib yig‘lab turar edi. Xullas, juda ham achinarli holatni guvohi bo‘ldik.
Sho‘rlik haydovchi shu joyga to‘xtashga ham jur’at topa olmadi. Yo‘l chetida vaqtinchalik bozorcha ochib, savdo qilayotgan ayollarning ustidan Surxondaryoning yengil mashinasida haydovchi rulda uxlab qolib, charchoqdan boshqaruvni yo‘qotib bir nechta ayolning umriga zomin bo‘lgan ekan. Va yana bir nechtasiga tan jarohati yetkazgan.
***
2007 yilda Samarqanddan Moskvagacha samolyotda, Moskvadan Voronejgacha avtobusda bordim. Qorong‘u bo‘lgani uchun yo‘lda tuman va qordan bo‘lak hech narsa ko‘rinmas edi.
2008 yilning oxirida Voronej shahridan to Liski shahrigacha kunduz kuni “Ford” mikroavtobusida tomosha qilib keldim. Ularda ham yo‘lning chetida turib olib meva, sabzavot, ayniqsa qaynatilgan makkajo‘xori, qo‘lbola kvas va mors, oq qayinning shifobaxsh suvi sotib turgan ayollarni juda ko‘p uchratdim. Ruslar o‘z yo‘liga, biz, o‘zbeklarni yo‘l chetida bozorcha tashkil etib, har xil yegulik sotgani yaxshi, albatta. Lekin masalaning ikkinchi tomoni bor. Yo‘lda harakatlanayotgan har qanday texnikani tormozini har doim bir xil ishlashiga yoki bo‘lmasa haydovchining yo‘lda uxlab qolmasligiga kim kafolat beradi?
***
Yana bir masala - mardikor bozorlari. Bechora haydovchilar mardikor bozoridan o‘tishga qo‘rqadi. Sal mashinani sekin haydasa, mardikorlar mashinaning ustiga ham chiqib oladi. Ayniqsa, Samarqand, Urgut, Toyloq tuman yo‘llarida ushbu xunuk holat odatga aylangan. Ustiga-ustak, ayniqsa, trassalarga tilamchilarning ko‘payganligi juda xunuk holat. Og‘ir yuk mashinalarini yo‘liga turib olishadi. Haydovchilarga qiyinligidan odamni rahmi keladi.
U ham mayli. Nonsiz hech birimiz bir kunimizni ham tassavur qila olmaymiz. Misol uchun, Toyloq tumaning markaziy yo‘lini olaylik. Xudoga shukur, texnika ko‘pligidan yurishga yo‘l yo‘q. Markaz yo‘lining bir tomonida non sotib turgan ayol-qizlarni ko‘rib rahmim keladi. Qani ularga ham non sotish uchun yo‘lning xavfsiz joyidan rastalar mavjud bo‘lsa-yu, non kerak bo‘lgan odam mashinasini to‘xtatib, bemalol borib xohlagan nonini xarid qilsa...
Yurtimiz rivojlanmoqda. Samarqand turizm shahri bo‘lgani uchun nafaqat shaharda, balki qishloqlarda ham chet el fuqarolarini uchratmoqdamiz. Maqsad shuki, ular bizning ustimizdan kulmasin. Aksincha, bizga havas qilsin. Haydovchilar yo‘llarda xotirjam yursin. Yo‘lovchilarga ham sog‘-salomat uyiga borish nasib qilsin. Hammaning yo‘li bexatar bo‘lib xalqimiz madaniyatli bo‘lib, yurtimiz rivojlansin.
Yusuf Axmedov,
Toyloq tumani 13-maktab targ‘ibotchisi.