Yon qo‘shning – jon qo‘shning!
Abduvohid JUMABOYeV, SamDU professori:
- Prezidentimizning Tojikiston Respublikasiga rasmiy safari juda samarali bo‘ldi. Safar davomida imzolangan 30 dan ziyod hujjatlar orasida mutaxassis sifatida e’tiborimni tortgani – bu Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalar qurish bo‘yicha hukumatlar o‘rtasidagi bitim bo‘ldi.
Tabiiyki, oxirgi 4 yildan ziyod davrda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar katta energiya resurslarini talab qilmoqda. Shu energiyani olishda 85 foiz tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘ilarni ishlatamiz. Afsuski, bizda mazkur resurslar zaxirasi cheklangan.
Shuning uchun, gidro va alternativ energetikani rivojlantirish masalasini zamonning o‘zi taqozo etmoqda. Mamlakatmizda gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan, bu bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ammo respublikamiz gidroresurslarga boy emas va bunday resurslarga boy bo‘lgan qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalari bilan hamkorlik qilish, yangi gidroenergetika quvvatlarini ishga tushirish nihoyatda dolzarb masala.
Ana shunday yechimga dastlabki qadam Tojikistonda qo‘yildi. Jumladan, ikki tomonlama kelishuvga muvofiq, ikki bosqichda ishga tushiriladigan gidroelektr stansiyalarining umumiy quvvati 275 megavatt bo‘lib, ularda 1,4 milliard kilovatt soat energiya ishlab chiqariladi. Bu energiyaning asosiy iste’molchisi - O‘zbekiston.
Bu xayrli ishlardan xulosa qilish mumkinki, yon qo‘shnilar bilan yaxshi munosabat, do‘stlik, birodarlik, o‘zaro hamkorlik har ikki taraflama manfaat keltiradi. Xalqimiz bekorga aytmaydi: Yon qo‘shning – jon qo‘shning!