Yonimizdagi odamlar. Ham iqtisodchi, ham pedagog

Ta’lim sohasining samaradorligi unda shijoat bilan mehnat qilayotgan pedagog-olimlarning faoliyati bilan belgilanadi. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti moliya kafedrasi dotsenti Rahmat Musayev ana shunday mehnatsevar va bilimdon olimlardan biri. U institutda ko‘p yillardan beri yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, respublikamizda buxgalteriya hisobi, moliya, bank sohalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Rahmat Musayev 1940 yilda Keles shahrida dunyoga kelgan. Yoshligidan o‘qish-o‘rganishga qiziquvchan Rahmat aka o‘rta maktabni kumush medal bilan tugatgach, dastlab Keles tuman matlubot jamiyatida hisobchi bo‘lib ishladi. 1958-1964 yillarda Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti)da tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Keles tuman matlubot jamiyati uyushmasiga qarashli Chordara matlubot jamiyatida hisobchi vazifasidan boshladi.

Oliy o‘quv yurtidagi o‘qishi davomida Rahmat Musayev ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga ham qiziqib, ilmiy to‘garak va anjumanlarda faol ishtirok etib keldi. Natijada, u institutga ishga taklif etildi. 1967-1968 yillarda «Sentrosoyuz»ning Moskva kooperativ institutining pedagogika fakultetiga o‘qishga yuborildi. O‘qishni tugatgandan so‘ng Samarqand kooperativ ins­titutining buxgalteriya hisobi kafedrasida o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirdi. R.Musayevning ilmiy tadqiqotlarga qiziqishi e’tiborga olinib, institut rahbariyati uni 1971 yilda Ukrainaning Lvov kooperativ institutiga maqsadli aspiranturaga yubordi. Aspirantura yakunida domla nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi, keyinchalik unga dotsent unvoni berildi.

Dotsent Rahmat Musayev qator yillar davomida institutning buxgalteriya hisobi kafedrasida, 2003 yildan esa moliya kafedra­sida o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Ustozdagi tashkilotchilik, topshirilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashish kabi xislatlar e’tiborga olinib, bir vaqtning o‘zida institutning o‘quv bo‘limida talabalar amaliyoti ishlari bo‘yicha mas’ul, keyinchalik fakultet dekani muovini lavozimlariga tayinlandi.

Rahmat Musayev pedagogik faoliyat bilan birga ilmiy ish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Savdo va umumiy ovqatlanishda nazorat-taftish ishlari samaradorligini oshirish, moliyaviy resurslar, bank munosabatlarini takomillashtirish masalalari uning ilmiy faoliyati yo‘nalishlarini belgilaydi. Domla ushbu muammolar bo‘yicha 200 dan ortiq ilmiy maqola, ilmiy-uslubiy tavsiyalar, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va chop ettirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirgi kunda ham u kishi respub­lika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Ustoz Rahmat Musayev o‘ta kamtarin, ishga mas’uliyat bilan yondashadi, yosh pedagoglarga e’tiborli, talabalarga g‘amxo‘r va mehribon. Institut jamoasining barcha tadbirlarida faol. Domlaning ilmiy-pedagogik faoliyati davomida erishgan natijalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, sobiq «O‘zbekbirlashuv» boshqaruvi va institut rektorati tomonidan munosib taqdirlanib kelingan.

Ustoz turmush o‘rtog‘i Dono opa bilan oqil farzandlarni voyaga yetkazdi. Ularning orasida tibbiyot xodimlari, pedagoglar, iqtisodchi-tadbirkorlar bor.

O‘z mehnati orqali hurmat va e’zoz topgan Rahmat Musayev tabarruk 80 yoshni qarshi olmoqda. Biz, hamkasblari va shogirdlari domlaga sihat-salomatlik, tinch-omonlik, umrlari uzoq bo‘lishini tilaymiz.

Jahongir ZAYNALOV,

Hasan MUSAYeV, professorlar.

Bahodir HUSANOV, dotsent.