Yo‘qolgan yoki tashlab yuborilgan sim kartadan plastik kartaga ulanib olishlari mumkin: Past Darg‘omda shu yo‘l bilan birovning puli yechib olingani aniqlandi
Past Darg‘om tumanida yashovchi 48 yoshli Yu.B. murojaat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan mobil telefon qurilmasini yo‘qotib qo‘yganligi va bank kartasidan 2.220.000 so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan yechib olinganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi 32 yoshli R.K. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan, R.K. jabrlanuvchi mobil telefon qurilmasini topib olgach undagi "SIM-karta"ni o‘z mobil telefoniga faollashtirgan holda bank kartasi boshqaruvini qo‘lga kiritib ushbu jinoyatni amalga oshirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.