Yor Muhammadning “Mangulikning 30 lahzasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
A.S.Pushkin nomidagi Samarqand viloyat kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Turon nashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan, shoir Yor Muhammad qalamiga mansub “Mangulikning 30 lahzasi” nomli yangi kitob taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda samarqandlik taniqli shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olimlar, SamDU filologiya fakulteti talabalari, maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan ma’naviy-madaniy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchilar, ijodkor yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat teleradiokompaniyasi, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari hamda mazkur kutubxona ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nusrat Rahmat, filologiya fanlari nomzodlari Tolib Jo‘rayev, Jumagul Suvonova, yozuvchi va shoirlar Rustam Qurbonov, Oygul Mamatova, Zuhra Eshonqulova, Mamarizo Abdurahmonov va boshqalar adabiyot, xususan, she’riyatning inson kamolotida tutgan o‘rni, Yor Muhammad ijodining o‘ziga xos jihatlari va shoirning yangi kitobiga kiritilgan asarlari haqida to‘xtaldi.
– Yor Muhammad ijodi bilan u hali talabalik davridayoq tanishgan edim, - dedi yozuvchi Nusrat Rahmat. – Shundan buyon uning ijodini kuzatib boraman. Shoir so‘zning betakror qudratini yurakdan his qila oladi, o‘z ustida tinimsiz ishlaydi va buning natijasida esa har bir she’ri pishiq-puxtaligi, tasvirning tiniqligi va yuksak badiiy saviyasi bilan o‘quvchi qalbida muhrlanib qoladi.
Tadbirda shoir Yor Muhammad o‘zining Vatan, ona, yoshlik, mehr-muhabbat va mustaqillikni madh etuvchi yangi she’rlaridan namunalar o‘qidi.
Dilbar RUSTAMOVA.