Yosh bolaning ehsoni

Yunus butun o‘quv yili davomida yangi telefon olish uchun po‘l to‘pladi. Har safar otasi maktabda tushlik qilishga pul berganda u qorni ochsa-da, o‘sha pulni yemasdan uyga qaytarib kelardi-da pul yig‘adigan idishchaga tashlab qo‘yardi.
Pulim yetadi degan qarorga kelganidan so‘ng bir sinfdoshi bilan kunning ikkinchi yarmida telefon xarid qilishga birga borishga kelishib oldi. Uyiga kelib kiyimlarini almashtirib chiqdi. Qarasa, ko‘chada yana bir sinfdosh o‘rtog‘i Said mung‘ayib turibdi. Ular qo‘shni. Saiddan g‘amginligining sababini so‘radi.
— Singlim og‘rib qoldi. Oyim meni dori olib kelishim uchun dorixonaga yubordilar. Ammo, pulim yetmadi. Uni oyimga qanday aytishni bilmay turibman. Oyim juda siqiladilar, chunki uyda boshqa pulimiz yo‘q. Men ham siqilyapman. Yur, bir oz o‘ynaylik, uyga kechroq boraman, ungacha singlim yaxshi bo‘lib qolar balki, — dedi Said.
Yunus qanchalik harakat qilmasin, o‘yini hech qovushmadi. Uning xayoliga Saidning aytgan gaplari mahkam o‘rnashib olgan edi. Ko‘z oldiga dorining tezroq kelishini kutib yotgan Maryam gavdalandi. U, hatto, telefon olish uchun uydan chiqqanini ham unutgan edi, daf’atan, cho‘ntagida puli borligi esiga tushib qoldi.
— Menga dorilar ro‘yxatini ber-chi, — dedi Saidga. Said nega deb so‘rab ham o‘tirmasdan qog‘ozni uzatdi. Yunus qog‘ozni olib, dorixonaga yugurib ketdi. Ro‘yxatdagi dorilarni oldi, dorixonadan chiqib do‘konga kirdi va har xil mevalar xarid qildi. Keyin uni kutib turgan Saidning oldiga xursand bo‘lib qaytib keldi.
— Yur uylaringga boraylik, men Maryamga kerakli dorilarni oldim, — dedi zavqi ichiga sig‘may borayotgan Yunus.
— Sen telefon olish uchun yiqqan pulingni sarfladingmi? Nega bunday qilding, axir qancha vaqtdan beri orzu qilarding-ku! — hayron bo‘ldi Said.
— Telefonni keyinroq olaversak ham bo‘ladi, Maryamning sog‘ayib ketishi muhim, — javob berdi Yunus va bolalar Saidlarning uyiga ketishdi.
Yunus kechqurun uyiga qaytganida uni ajoyib sovg‘a kutayotganini bilmas edi. U maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun ota-onasi unga yangi telefon xarid qilishgan edi. Bola juda ham hayratga tushdi va ko‘zlari yoshga to‘lib:
— Bu - mo‘’jiza, Allohning sovg‘asi, — dedi va bo‘lib o‘tgan voqeani ota-onasiga gapirib berdi.