Yosh hunarmand kuniga 2-3 million so‘m topyapti, pensiyadagi otaxon tomorqaning orqasidan to‘rt ro‘zg‘orni obod qilyapti

Toyloq tumanining Tepaqishloq mahallasiga qilgan safarimiz chog‘ida shularga guvoh bo‘ldik.

Xorijda chekilgan azoblar...

Mahalla yoshlaridan biri Farrux Ochilov avval maktabni, keyin esa kasb-hunar kollejini tamomladi. Oliy o‘quv yurtiga kira olmagach, xorijda, hali u davlatda, hali bu davlatda qora mehnat qildi.

- Rossiyada ishlagan paytimda oyiga 400 dollar topardim, - deydi u. – Yeb-ichish, ijara haqi, patent va boshqa hujjatlar xarajatidan orttirib zo‘rg‘a 150-200 dollar atrofida uyga jo‘natardim. Yakshanba kuniyam ishlardik. Kechayu kunduz tinimsiz mehnat qilgan kunlarim bo‘lgan. Shunda ham ko‘pi bilan 300 dollar orttira olardim, xolos. Ba’zi paytda bir tiyin ham topolmaganman. Oiladan olisda, pulsiz qolib ketishni tasavvur qilish qiyin.

“Oyiga 1000-1200 dollar topyapman...”

Farrux xorijdan qaytib, tomorqasida malina yetishtira boshladi. Shuningdek, payvandchilikni o‘rgandi. Malina hosilidan va u yer-bu yerda ishlab topilgan mablag‘ evaziga kichik payvandlash ustaxonasini tashkil qildi.

- Hozir bu yerda mo‘may daromad topyapman, - deydi Farrux. – To‘g‘risini aytsam, bir kunda 2,5-3 million so‘mgacha foyda olgan paytlarim bo‘ldi. Ba’zan ko‘proq, ba’zan kamroq, o‘rtacha hisobda oyiga 1000-1200 dollar topishga harakat qilyapman. Albatta, buning uchun ishlash kerak. Ishlash, deganda jon kuydirib, tinimsiz mehnat qilishni nazarda tutmayapman. Haftada bir kun dam olaman. Qolgan kunlari soat 9 dan 18 gacha ishlayman. Tongda va kech paytlari tomorqada ham mehnat qilaman. Dastlab tomorqaga ikki qatorgina malina ekkan bo‘lsam, yildan-yilga ko‘paytirib, bugungi kunda 7 sotix maydonni malinazorga aylantirganman. Tomorqada ishlash menga zavq beradi.

Mahallaning “drayveri” - malinachilik

Mahallada aholi tomorqalarining umumiy maydoni 52 gektarni tashkil etadi.

- Hududimizda 2 ta qishloq bor, ularning biridagi barcha hovlida malina yetishtiriladi, - deydi mahalla raisi Nuriddin Sobirov. – “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida xaridorlar shu qishloqdan malina sotib olib ketishadi. Xar bir tomorqa egasi malina yetishtirib, o‘rtacha 50 million so‘m atrofida daromad topyapti.

Pensioner tomorqachi

Mahalla nuroniylaridan biri Sa’dulla Yo‘ldoshev nafaqaga chiqqandan beri tomorqachilik bilan shug‘ullanadi. Uning 1 sotixlik issiqxonasi bor. 4 sotix yerda malinazor tashkil qilgan.

- Dastlab qishlog‘imizga malina ko‘chatini mahalladoshimiz Xonbiyi aya keltirgan va ko‘paytirgan, - deydi u. – Biz u kishidan 10-15 ta ko‘chat olib, ekib boshlaganmiz. Bugungi kunda 4 sotix yerda malina parvarishlayapman. Keksalik davrida ermak bo‘larkan. Ham mo‘maygina daromad keltiryapti. Malinaning o‘zidan bir mavsumda 15 million so‘mdan ziyod daromad qilamiz. Ko‘chatini sotsak, u ham pul. Tomorqada bir qarich yerni bo‘sh qoldirmaslikka harakat qilaman. Qator oralarida sabzavot mahsulotlarini yetishtiraman. O‘zimnikidan tashqari yana 3 farzandimning ro‘zg‘origa bir qishlik qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirib beraman.

Nogironligi bo‘lgan yigitga ish kerak, ammo...

Shu mahallada yashovchi Husan Abdurahmonov nogironligi bo‘lsa ham turmush o‘rtog‘i bilan birga 1 sotix yerda malina yetishtiradi. Uning ko‘zi ojiz, ammo iste’dodli yigit.

- Dastlab, ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatini tamomlab, Toyloq pedagogika kollejida musiqa san’ati yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olganman, - deydi u. – Keyin shu yo‘nalish bo‘yicha Samarqand davlat universitetida o‘qidim. Ayni paytda Toshkent davlat pedagogika universiteti magistrantiman.

Mahalla faollarining aytishicha, Husan juda kamtarin yigit. Ehtiyoji bo‘lsa ham birovdan yordam so‘rashni or biladi. Shu kunlarda unga ish kerak. Uyidan uzoqroq hududlarda ish bor, ammo uning qatnab ishlash osonmas. Qishlog‘idagi maktabda esa hozircha bo‘sh ish o‘rni yo‘q ekan.

- Farzandimga shu yaqin atrofdan ish topilsa yaxshi bo‘lardi, - deydi Husanning onasi. – Mas’ullar shu masalani hal etsa juda minnatdor bo‘lardik.

To‘lqin SIDDIQOV, Baxtiyor MUSTANOV (surat), Feruza MAMATQULOVA.