Yosh kimyogarlar Samarqand bilan tanishdi
Prezident ta’lim muassasasalari agentligi tomonidan tashkil etilayotgan 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi ishtirokchilari Samarqand shahrida bo‘lib, yurtimiz tarixi, xalqimizning boy madaniy merosi bilan tanishdi.
– Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi yurtimizda uchinchi bor o‘tkazilmoqda, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi rahbari Ortiqboy Eshonqulov. – Bu galgi olimpiadada yigirmaga yaqin davlatdan salkam 100 nafar o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinab ko‘rmoqda. Jumladan, Avstriya, BAA, Isroil, Turkiya, Suriya davlatlarining o‘quvchilari ilk bor ishtirok etmoqda. Olimpiada dasturidan o‘rin olgan madaniy tadbirlar o‘quvchilarga bir olam zavq ulashadi. Bevosita jamoamiz haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, shu kungacha jamoamiz a’zolari mazkur olimpiadaning 8 ta oltin, 35 ta kumush, 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Joriy yil ham 12 nafar o‘quvchimiz yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
Ishtirokchilar dastlab Amir Temur maqbarasida bo‘lib, temuriylar davri tarixi, o‘sha davr ilm-fani, madaniy aloqalari haqidagi muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
– Shuni faxr bilan aytamanki, O‘zbekistonda uchinchi marta o‘tkazilayotgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ham ishtirok etish nasib etdi, – deydi olimpiada hakami, qozog‘istonlik Vladimir Shvarsman. – Yurtingizga bir kelgan kishi yana qayta kelish orzusi bilan yashaydi. Men har gal O‘zbekistonga kelganimda ochiq chehra insonlarini ko‘rib o‘zgacha kuch, ruhiy ozuqa olaman. Ayniqsa, Samarqandga kelganimda o‘zimni ruhan tetik his etaman. Buyuk insonlarga beshik bo‘lgan bu zamin har tomonlama insonni o‘ziga tortadi. Shu bois, yosh kimyogarlar olimpiada doirasida Samarqand bilan tanishtirilmoqda.
Tashrif davomida ishtirokchilar Registon maydoni, Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi hamda Shohi Zinda majmualarida bo‘ldi.
– O‘zbekistonda o‘tayotgan xalqaro olimpiadada qatnashayotganimdan xursandman, – deydi isroillik ishtirokchi Tall Sason. – Olimpiadada berilgan vazifalar juda qiyin, ammo biz maroq bilan bajaryapmiz. Tashkiliy ishlar juda puxta, mazmunli uyushtirilgan. Biz faqatgina bahslashish bilan emas, madaniy tadbirlarda qatnashib tengdoshlarimiz bilan tanishib, do‘stlashyapmiz. Qolaversa, O‘zbekiston bilan tanishyapmiz. Dastlab Toshkentning diqqatga sazovor joylarida bo‘ldik. Bugun dunyoga mashhur Samarqanddamiz. Tarixiy obidalar, go‘zal tabiat o‘ziga xos taassurot qoldirmoqda.
Xalqaro 56-Mendeleyev olimpiadasi 16 maygacha davom etadi.
A.Isroilov.