Yosh mutaxassis – oliygohlarning bilimli bitiruvchilari davlat tashkilotlarida ishlash uchun qanday tanlab olinadi?

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov shu yil 21 oktyabrda “Samarqand viloyatidagi davlat organ va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan yosh mutaxassislarni tanlash Namunaviy dasturi”ni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, ularning tizimida stajirovkasi tashkil etish va keyinchalik zaxiraga kiritish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Mazkur Dasturning maqsadi davlat xizmatiga kadrlar tanlash va istiqbolli kadrlarni tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini davlat xizmatiga jalb qilish samaradorligini oshirishdan iborat.

Dastur vazifalari esa oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari va davlat xizmati o‘rtasida integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, eng salohiyatli va bilimli bitiruvchilarni seleksiya qilish, talabgorlarni vazirlik va idoralarga, mahalliy hokimiklarga stajirovka o‘tash uchun yo‘naltirish hamda “Ustoz-shogird an’anasi” asosida tajribali ustoz-mentorlarga biriktirish hamda stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarni tanlov (suhbat) asosida davlat xizmatiga ishga qabul qilish sanaladi.

Oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish tanlovi o‘tkaziladi. Bu tanlovni davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil qiladi va o‘tkazadi.

Buning uchun, avvalo, davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari o‘z rasmiy veb-saytlarida tanlov o‘tkazish haqida e’lon qiladi va tanlov to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarga mos kelishlari lozim:

- o‘ttiz yoshdan oshmagan (o‘ttiz bir yoshga to‘lmagan) bitiruvchilar;

- bitiruvchining o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 71 va undan yuqori foiz bo‘lishi (magistratura bosqichi bir yil etib belgilangan oliy ta’lim muassasalari magistrantlari uchun bakalavr bosqichidagi umumiy ko‘rsatkichi 71 va undan yuqori foizi hisobga olinadi).

Davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlardan arizalar onlayn shaklda (telegram bot/elektron pochta/virtual murojaat) qabul qilinadi.

Talabgorlarning Konstitutsiya, davlat fuqarolik xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik, davlat tili va axborot tehnologiyalari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan maxsus test sinovi o‘tkaziladi.

Test sinovlari davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan hamkorlik qilinayotgan oliy ta’lim muassasasining maxsus kompyuter xonalarida o‘tkaziladi. Test sinovida 71 va undan yuqori ball to‘plagan talabgorlar tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlarida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi.

Talabgorlarning ko‘rsatkichlari maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Baholash natijalariga ko‘ra, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlarida stajirovka o‘tashga qabul qilinadi.