Yoshlar ham saylovda faol

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga o‘tkazilayotgan saylovlarda 200 ming nafar samarqandlik yoshlar ilk bor ishtirok etmoqda.

Jumladan, Samarqand shahridagi 63-saylov uchastkasida Mustaqillik va Ko‘ksaroy mahallalarida yashovchi 114 nafar yoshlar saylovda birinchi marta ovoz berdi.

– Saylovda ovoz berish mas’uliyatli ish ekan, – deydi Mustaqillik mahallasida yashovchi Malohat Sobirova. – Mening ovozim yurtimiz kelajagini belgilashda muhim ahamiyat kasb etishini o‘ylab, nomzod tanladim. Siyosiy jarayondagi mening ilk tanlovim ona-Vatanimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.

Viloyat saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, soat 17.00 gacha birinchi marta saylovda qatnashayotgan yoshlarning 178 ming nafardan ortig‘i ovoz berdi.