2024 yil - “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”: Bu yil yoshlar uchun imkoniyatlar kengayadi

Davlatimiz rahbari xalqimizga yo‘llagan Yangi yil bayrami tabrigida 2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilganligi bizga, ya’ni Yoshlar ishlari agentligi vakillariga alohida mas’uliyat yuklaydi. Yil boshidan ana shu mas’uliyatni his qilib ishga kirishdik.

Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Samarqand viloyati aholisining 2 million 315 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar tashkil etadi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sport, til o‘rganishi, kitobxonlik va IT sohasiga qiziqishini oshirish, bandligini ta’minlash, umuman, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti.

2023 yil “Besh tashabbus olimpiadasi”ning bahorgi va kuzgi mavsumlarida o‘tkazilgan 4 ta IT, 4 ta intellektual, 3 ta san’at va 38 ta sport yo‘nalishidagi tanlovlarning respublika bosqichida viloyatimiz yoshlari 50 ta medal bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Musobaqalarda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida 16 ta sport maydonchasi barpo etildi.

Shuningdek, har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, 54 ming 373 nafar yoshning bandligi ta’minlandi. Ularning 23 ming 242 nafari maktab bitiruvchilaridir.

Kelgusida yanada ulkan marralarni zabt etishni maqsad qilganmiz. Yangi yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha oldimizga bir qator vazifalarni belgilab olganmiz. Jumladan, "Ombor daftari" shakllantiriladigan bo‘ldi. Bu har bir yo‘nalish bo‘yicha, ya’ni og‘ir toifadagi yoshlar bo‘ladimi, iqtidorli yigit-qizlarni yoki xorijda mehnat qilayotgan yoshlarmi, ularning muammolarini yechish, qiziqishlari bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Samarqandlik yoshlar uchun IT yo‘nalishida ham yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda yoshlarning soha bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida yaqinda Samarqand shahrida ishga tushirilgan ilk dasturlash maktabi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu yil kitobxonlikni yanada keng targ‘ib qilish maqsadida yirik loyihalarni amalga oshirgan holda 400 mingga yaqin yoshlarni qamrab olishni hamda zamonaviy kasblarni o‘rgatish loyihasi orqali 20 mingga yaqin ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashni maqsad qilganmiz.

Shuningdek, yoshlarga xorijiy tillarni o‘rgatish maqsadida ham aniq rejalar tuzilgan. Jumladan, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida chet tillarni o‘rganuvchi yoshlar sonini 200 mingga yetkazish, "Ibrat Academy" ilovasi orqali til o‘rganishdagi videoko‘rishlar sonini esa 1 millionga oshirish ko‘zda tutilgan.

Husan TO‘XTAYeV,
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.