Yoshlar urush xotiralari bilan qanchalik tanish?
Biz o‘zimizni chin ma’noda omadli va baxtli avlod deb hisoblashimiz mumkin. Tinch-osoyishta zamonda, hur va obod diyorda yashayapmiz. Bunda ulug‘ ajdodlarimiz – otalarimizning hissasi beqiyos.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ularga g‘amxo‘rlik qilish, umrlarini uzaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratish hammamizning farzandlik burchimizdir. Bugun istiqlol sharofati bilan o‘sha mudhish urush yillari azobini tortgan va tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan omadli kishilar (afsuski, ularning safi yildan yilga kamayib bormoqda) haqli ravishda baxtli hayot gashtini surishga muyassar bo‘lmoqdalar va ularga xalqimiz, hukumatimiz, qolaversa, shaxsan prezidentimiz tomonidan yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi arafasida O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan, shundan 1,5 million nafar yurtdoshimiz jang maydonlariga safarbar etilgan. Ulardan 500 ming nafardan ziyodrog‘i urush o‘choqlarida halok bo‘lgan, 200 mingdan ziyodi mayib-majruh bo‘lib qaytgan. Qanchasining bedarak yo‘qolgani hisobga olinadigan bo‘lsa, bu g‘alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol namoyon bo‘ladi.
Aynan o‘zbek xalqi urush yillarida chinakam matonat va jasorat ko‘rsatgani tarix kitoblari va xalq orasida yurgan rivoyatlardan ma’lum. Yurtimizga bir million nafarga yaqin kishi evakuatsiya qilingani, ularning 200 mingdan ziyodi bolalar bo‘lgani haqida juda ko‘p martalab eslanadi, e’tirof etiladi. Oddiy o‘zbek xonadonlari bu bolalarni o‘z bag‘riga olgani, toshkentlik Shomahmudovlar oilasi, kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi, buxorolik Jo‘rayev va Ashurxo‘jayevlar oilasi haqida hatto kinofilmlar yaratilgan. Urush bilan bog‘liq bu kabi qahramonliklarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Poytaxtimizda, shuningdek viloyat markazlarida jang maydonlarida halok bo‘lganlarning ro‘yxatini o‘z ichiga olgan ko‘p jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. Xotira maydonida ajoyib majmua qurilib, halok bo‘lgan har bir qahramonning nomi zarhal harflar bilan bitildi.
Mustaqillik yillarida Ikkinchi jahon urushi va front orti faxriylarini e’zozlash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida e’tiborga molik ishlar qilindi va bu har yili muntazam amalga oshirilmoqda.
Bugun hayotimizda “Inson xotirasi ulug‘, tiriklarni qadrlash lozim” degan insoniy an’ana, qadriyat shakllanib ulgurdi. Ularning qahramonligi qalblarimizga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi. O‘tganlarning xotirasiga bosh egib ta’zim qilamiz, hayot bo‘lganlarini esa e’zozlaymiz.
Ta’lim muassasamizda tashkil etilgan “Xotira va qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan tadbirda bir ishtirokchi juda haq gapni aytdi. “Biz urush haqida deyarli eslamay qo‘ydik yoki juda kam hollarda eslaymiz. Bugungi yosh avlod bu mavzuni, Ikkinchi jahon urushi va u haqidagi xotiralarni yaxshi bilmaydi. Internetdan olingan, ba’zida asosli, ba’zida asossiz ma’lumotlar ularning ongini egallab olgan. Urushning tirik guvohlari xotiralaridan bahramand bo‘lishmagan...”
Bu haq gap. Bugun yoshlarga urush dahshatlari haqida hikoya qilib beruvchilar sanoqligina qolgan. Samarqand viloyatida ular bor-yo‘g‘i 26 nafar kishini tashkil qiladi.
O‘ylaymanki, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari keltirgan dahshatli oqibatlar, umuman, urush fojiasi haqidagi mulohazalarimiz hozirgi yosh avlodlar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, ular bilan tanishgan har bir shaxs bugun ozod yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikning qadriga yetadi va uni asrab-avaylaydi.
Xudoynazar Yunusov,
SamVMI rektori.