Yoshlar, xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga kompensatsiya to‘lanadi

Prezidentning 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra,

- 2020 yil 15 noyabrdan boshlab tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan ma’qullangan dasturlar va belgilangan talablar asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi (yoshlar, xotin-qizlar) uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;

- kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini olganyoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi;

- mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.