Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish pandemiya davrida qay darajada muhim?

Mana shu yarim yil ichida butun dunyoda COVID-19 infeksiyasi pandemiyasi munosabati bilan kiritilgan karantin sharoitida yashab kelmoqda. Bu murakkab davrda, barcha davlatlarda uchrayotgan asosiy muammo - bu aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, daromad bilan ta’minlash bo‘lib qolmoqda.
Shu qatorda, yoshlarni band etish va ularning ijtimoiy himoyasi ham dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlar 1,2 milliard bo‘lib, dunyo aholisining 16 foizini tashkil etadi.
Yoshlar muammosi bilan bog‘liq masalalar nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarda jiddiylashmoqda, balki rivojlangan davlatlarni ham tashvishlantirmoqda.
Shuningdek, mehnat bozori o‘zgarib, yoshlar doimiy ravishda yangi sharoitlarga moslashib, kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘lishi davr taqozosidir.
Biroq mavjud o‘quv jarayoni bilan bog‘liq ta’lim tizimi yoshlarning ehtiyojlarini qondira olmayatganligi ham bir muammo. Shuning uchun, yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash va ish bilan ta’minlash BMTning barqaror rivojlanish dasturida 2030 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan.
Agar statistik ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, qo‘yidagilarni ko‘rishimiz mumkin: Hozir dunyoda yoshlar soni har qachongidan ham ko‘p bo‘lib, ularning 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi o‘rta yoshdagilarga nisbatan 3 barobar yuqori bo‘lib, 2026 yilga borib mehnat bozoriga 600 million qo‘shimcha ish o‘rni qo‘shilmas ekan, bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etadi.
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Yoshlar muammolarini samarali hal etish maqsadida joriy yilning 30 iyunida Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq, yoshlar siyosatini yuritishda davlat idoralari oldiga masala qo‘ya oladigan, zarur vakolat va moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimi joriy etilishi munosabati bilan navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta’limga kirishi, kasb egallab, o‘z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanishi belgilanmoqda. Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishini aniqlash, 8-9 sinf o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallashi, 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilishi ham muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, mahallalarda 136 ta kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlarini jihozlash rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga 200 milliard so‘m ajratish, o‘quv kurslarini, avvalo, kambag‘allik eng yuqori bo‘lgan mahallalarda tashkil etish nazarda tutilgan.
Biroq mehnat bozoridagi bugungi talab va yoshlarning ularga tayyorligi masalasiga tanqidiy qarasak, joriy o‘quv yilida 339 ta kasb-hunar maktablari, 212 ta kollej, 175 ta texnikumda 215 ming nafar yoshlarning ta’lim olishi rejalashtirilgan. Lekin bu ta’lim maskanlaridagi yo‘nalishlar na son, na sifat bo‘yicha talabga javob beradi.
Misol uchun, mamlakatimizda katta ko‘lamda qurilishlar bo‘layotgan bugungi davrda yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj bor. Biroq qurilish yo‘nalishida 170 ta kollejda 13 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan, xolos. Yoki IT-texnologiyalar bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasi boshlanganiga qaramay, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha bor-yo‘g‘i 12 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
Davlat tomonidan yoshlarga oid amalga oshirilgan yana bir muhim masala Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qoshida Venchur fond tashkil etilishi sanaladi. Ushbu jamg‘armaga dastlab 1 million dollar yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, startap loyihalar tanlovini tashkil etish orqali joriy yilda har bir viloyatda kamida 10 ta, kelgusi yildan boshlab yiliga kamida 20 ta eng yaxshi startap loyihalarga 50 milliondan 200 million so‘mgacha grant ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, quduq qazish, sug‘orish vositalari xarid qilish, issiqxona o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun yoshlarga subsidiyalar beriladi. Yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, bank va boshqa sohalar bo‘yicha konsalting xizmatlari xarajatlari qoplanadi.
Umuman, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun O‘zbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Shu bois davlat yoshlar qatlamiga «muammo» deb emas, balki yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaramoqda. Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.
Cardora ShAKIROVA,
Yuristlar malakasini oshirish markazi xodimi.