Yoshlarning 100 g‘oyasi: Loyiha turizm rivojiga xizmat qiladi
“O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasining hududiy bosqichidan uning final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan 18 nafar yigit-qiz orasidan samarqandlik Abdulaziz Suyarovning “Eaten.uz” loyihasi hakamlarning e’tiborini tortdi.
Yoshlarning innovatsion g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” loyihasi doirasida viloyat yoshlaridan 2 ming 661 ta ariza qabul qilingan. 681 ta g‘oya va loyihalar saralash bosqichidan o‘tgan va arizalar ekspertlar guruhi tomonidan tegishli tartibda baholanib, hududiy bosqichda 105 ta g‘oya va loyihalar ishtirok etdi.
Loyihaning final bosqichiga 18 nafar yosh yo‘llanma oldi. "Ilm-fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash" yo‘nalishida 8 ta, "Axborot texnologiyalari va innovatsiyalar" yo‘nalishida 5 ta, "Qurilish, arxitektura va transport" yo‘nalishida 2 ta, "Sport va turizm", "Ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va kimyo texnologiyalari" hamda "Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va agro-texnologiyalar" yo‘nalishlarida 1 tadan loyiha saralab olingan.
Mazkur loyihalar ichida hakamlar hay’ati e’tiborni tortgani Abdulaziz Suyarovniki bo‘ldi. Loyiha onlayn veb-platforma bo‘lib, bu orqali mahalliy aholi sayyohlarni tushlik yoki kechki ovqatga chaqirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu xorijlik mehmonlarning yurtimizga qilgan sayohatlari sarguzashtlarga boy bo‘lishiga yordam beradi.
Har qanday sayyoh shohona restoranlardan ko‘ra, albatta mahalliy oila bilan birgalikda stol atrofida samimiy suhbat qurib, tansiq taom iste’mol qilishni, eng muhimi, oddiylikni ko‘proq xohlaydi. Loyiha sayyohlarga shunday imkoniyatni, mahalliy xonadon egasiga esa qo‘shimcha daromad topish imkonini beradi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati