Yozgi ta’til davrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan qanday shug‘ullanish kerak?

Yozgi ta’til — bolalar uchun eng sevimli fasl, dam olish, erkinlik va o‘yin-kulgiga boy davr. Shu bilan birga, bu vaqt ota-onalar va ustozlar uchun ham muhim davr bo‘lib, bolalarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ijodiy salohiyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan to‘g‘ri va mazmunli shug‘ullanish ularning kelajakdagi o‘qishga bo‘lgan munosabatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.

O‘yin orqali o‘rgatish
Yosh bolalar ko‘proq o‘yin orqali bilimni qabul qilishadi. Shu bois yozgi ta’til paytida o‘quv elementlari bilan boyitilgan o‘yinlar tashkil qilish foydali bo‘ladi. Masalan, so‘z topish, boshqotirmalar yechish, rangli koptoklar yordamida sonlarni sanash yoki harflarni o‘rganish mumkin.

Kitob o‘qish va muhokama qilish
Bolalarda kitobga bo‘lgan mehrni erta yoshdanoq shakllantirish kerak. Yozgi ta’tilda har kuni ertak yoki kichik hikoyalar o‘qib berish, o‘qilgan asar ustida savol-javoblar o‘tkazish, rasm chizish yoki rolda o‘ynash orqali matnni tushunishini tekshirish mumkin.

Ijodiy mashg‘ulotlar
Bolalar o‘z his-tuyg‘ularini ijod orqali ifoda etishga qiziqishadi. Ular bilan rangli qog‘ozlardan turli buyumlar yasash, rasmlar chizish, bo‘yash va sahna ko‘rinishlarini sahnalashtirish kabi faoliyatlarni amalga oshirish yaxshi samara beradi.

Tabiat qo‘ynida o‘rganish
Yoz — ochiq havoda ko‘p vaqt o‘tkazish uchun eng yaxshi fasl. Tabiatda sayr qilish orqali o‘simliklar, qushlar va hayvonlar haqida suhbatlar qilish, turli tajribalar o‘tkazish (masalan, suv va tuproq bilan), rasm chizish yoki ertak to‘qish kabi mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin.

Oila bilan vaqt o‘tkazish
Oila davrasida o‘tkazilgan har bir daqiqa bolada ishonch, mehr-muhabbat va qadriyatlar shakllanishiga xizmat qiladi. Shuning uchun, birga pazandalik qilish, uy ishlarida yengil yordam so‘rash, ertak aytib berish, qo‘shiq kuylash, milliy o‘yinlar o‘ynash foydalidir.

Kichik mas’uliyatlar yuklash
Yozgi ta’tilda bolalarga kichik vazifalar berish (kitob o‘qish, kundalik tutish, gullarni sug‘orish) orqali ularning mustaqilligini oshirish mumkin. Bularning bari bolalarning dunyoqashini kengaytiradi. Ularda bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqni oshiradi.

Soxiba Sayfiyeva,
Samarqand shahar 24-umumiy o‘rta ta’lim
maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi.