YPX inspektoriga 2 million so‘mga yaqin pora bergan fuqaro qo‘lga olindi

Joriy yilning 24 fevral kuni Sirdaryo viloyati IIB YHXB YPX katta inspektori U.Eralov belgilangan taqsimot asosida Sirdaryo tumani hududida xizmat olib borayotgan vaqtida, haydovchi U.A. boshqaruvidagi “Tracker” rusumli transport vositasini o‘rnatilgan tartibda to‘xtatgan.

Transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni tekshirish va muloqot jarayonida haydovchining og‘zidan spirtli ichimlik hidi kelayotganligi ma’lum bo‘lgan. Inspektor haydovchini mastlik holatini aniqlash maqsadida tibbiy ko‘rikka taklif etgan.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtda haydovchining mastlik holatida ekanligi o‘z tasdig‘ini topgan.

Inspektor tomonidan o‘rnatilgan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Haydovchi U.A. avtomashinasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga YPX katta inspektori U.Eralovga 2.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif etgan.

Xodimning bildirgisiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi U.A. YPX inspektori U.Eralovga 1.902.000 so‘m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan IIV O‘XB Sirdaryo viloyati bo‘yicha bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.