"Yuksalish" umummilliy harakati O‘zbekistonda qiynoqlarga barham berish bo‘yicha 10 muhim taklif bilan chiqdi

Shu kunlarda ichki ishlar idoralari ayrim xodimlarining g‘ayriqonuniy harakatlari, shu jumladan qiynoqqa solish holatlari keng jamoatchiligimiz e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga oid islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha 5 mingga yaqin fuqarolar oqlandi, diniy ekstremistik oqimlarga aloqadorlik uchun “qora ro‘yxat”larga tushgan 20 000 nafardan ziyod fuqaro reabilitatsiya qilindi, katta tanqidga uchrab kelgan “Jasliq” qamoqxonasining faoliyati tugatildi, qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizm ishga tushirildi, fuqarolikka qabul qilish soddalashtirildi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘la barham berildi. Shuningdek, propiska tizimi isloh qilinishi bilan mehnat huquqi, mulk huquqi va erkin ko‘chib yurish erkinligini amalga oshirishga bo‘lgan to‘siqlarga barham berildi.


Bilamizki, jahon mamlakatlari taraqqiyoti tajribasida ichki ishlar tizimi islohoti eng murakkab vazifalardan hisoblanadi. Shu bilan birga, uchrayotgan qiynoq holatlari, O‘zbekistonning bugungi milliy va xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim. Ushbu holatlar davlatimiz rahbari olib borayotgan insonparvarlik va inson qadri ustuvorligi tamoyillariga zid ekanligini ta’kidlaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, ichki ishlar idoralarini xalqchil va insonparvar tizimga aylantirish masalasi kun tartibida jiddiy masala sifatida qolmoqda.

Shu munosabat bilan “Yuksalish” umummilliy harakati keng jamoatchilik fikri va soha ekspertlariga tayangan holda, qiynoqlarga barham berish maqsadida zudlik bilan quyidagi eng muhim ishlar amalga oshirilishi zarur, deb hisoblaydi:

1. Avvalo, so‘nggi ro‘y bergan qiynoq holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati batafsil axborot berishi hamda tizimda qiynoqlarga barham berish bo‘yicha aniq rejalarini jamoatchilikka taqdim etishi kerak.
2. Bundan buyon, muntazam ravishda har bir qiynoq va boshqa inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi holatlar bo‘yicha IIV rahbariyati tomonidan shaxsan jamoatchilikka axborot berib borish amaliyotini kiritish lozim.
3. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan shaxsning huquqlari sodda tilda tushuntirilganligi haqida tilxat olish amaliyotini joriy etish.

4. Jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan shaxsning prokuror bilan uchrashish talabini darhol qondirish bo‘yicha huquqini qonunchilikda mustahkamlash.
5. Hibsga (qamoqqa) olinganlarning rasman qamoqda saqlash joylari deb e’tirof etilgan joylarda saqlanishini, ularning saqlanayotgan joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni manfaatdor tomonlar, shu jumladan qarindoshlari, do‘stlari va jamoat tashkilotlari uchun ochiq bo‘lishini ta’minlash maqsadida onlayn ma’lumotlar bazasini yaratish.

6. Shaxsni hibsga olishda “Miranda qoidasi”ni qo‘llash bilan bog‘liq harakatlarni talab darajasida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini zudlik bilan Parlamentga kiritish.
7. Milliy preventiv mexanizm doirasida ichki ishlar idoralarining vaqtincha saqlash hibsxonalari va ushlab turish joylariga jamoatchilik vakillarining monitoring tashriflarini tashkil etish va doimiy amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish.

8. Ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish, xususan, tegishli tuzilmalar xodimlarini jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlarini bilishi, xodimlarning psixologik holatini stress-testdan o‘tkazish tizimini isloh qilish.

9. Har bir ushlab turish va hibsga olish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari huzurida Jamoatchilik kengashlarini tashkil etish, Kengash tomonidan tegishli davlat idorasining faoliyati davomida inson huquqlarining ta’minlanishi va poymol etilmasligi yuzasidan doimiy jamoatchilik maslahatlashuvlari va monitoringlarni o‘tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish;

10. Qiynoqlar, inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bilan bog‘liq, jamoatchilikda rezonans uyg‘otgan jinoiy ishlar yuzasidan ochiq va sayyor sud majlislarini tashkil etish, ularni OAV orqali onlayn translyasiya qilish amaliyotini keng joriy etish.