Yulduz Usmonova militsiyani tanqid qilgani uchun tanbeh eshitdi

“Yulduz Usmonova "Pryamoy Efir"da militsiyani qattiq tanqid qildi” mavzusida ijtimoiy tarmoqlarda video lavha tarqatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ushbu videolavhaga e’tirozli munosabatini bildirdi.

Yurtimizga kelgan sinovlar paytida Yulduz Usmonova tomonidan bildirilgan fikrlar noo‘rindir. Shuningdek, san’atkorning xabari bo‘lmasa kerak, ikki oy davomida o‘z oilasi, uyiga bormayotgan militsiya xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda nolishayotgani yo‘q. Chunki ular xalqning tinchligi yo‘lida kunni kun, tunni tun demay mehnat qilishyapti.

Bir ishning ortidan militsiya xodimlarini ayblash xato bo‘lsa kerak. Yulduz Usmonova, avvalroq OAVlar orqali militsiya xodimlariga minnatdorlik bildirgan kuningizni, eslang. Endi bir achchiq gap bilan ularga bildirgan nafratingiz bu nimaning dalolati? Achchiq ustida gapirilgan gaplarni ijtimoiy tarmoqqa chiqarishingiz bu nimasi?

Bugun mamlakatimizda barcha jam, ya’ni ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar idoralari xodimlari, shifokorlar bularning zahmatkash mehnatini bugun hech bir narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.

Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik shukuhini ta’minlab berayotgan ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar xodimlari hamda shifokorlarga Madaniyat vazirligi o‘z minnatdorligini bildiriladi.