Yulduzlar ilmi va musiqa: Cholg‘u asboblarimiz kosalari - bosh kosamizga, dastagi - orqa miya umurtqa pog‘onasiga, torlari asab torlariga xos

E’tibor berganmisiz, biz nimaga qarasak, ko‘z oldimizda borliq - koinot, odamzod, hayvonot, nabotot, yer kurrasi gavdalanadi. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi yoki cholg‘u asboblarining barchasida yulduzlar ilmi meridian chiziqlari bilan bog‘liq qadimgi fundamental fanlar tushunchalarini ko‘ramiz.

Shu sababli Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek milliy san’ati, cholg‘u asboblarining koinot ilmlaridan, qadimgi panteistik va boshqa ta’limotlardan kelib chiqqanligi haqida xulosalarimni bayon qilib o‘tmoqchiman.

Aytaylik, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga ziyorat uchun kelganimizda, o‘ylab turib, astronomiya fanidan yulduzlar meridiani, geografiya fanidan yer kurrasi nisfunnahori va ularga parallel holda qurilgan rasadxona meridianini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin.

Inson orqa miyasi umurtqa pog‘onasidan o‘tgan asab tolalari ham aynan cholg‘u asbobi kosasi, dastagi va torlarining ma’nosini anglatgan.

Osmon katta koinot bo‘lsa, odamzod orqa miya umurtqa pog‘onasi va musiqa asbobi dastagi hamda torlari kichik koinot meridiani hisoblanib kelingan. Ya’ni, biz bosh va orqa miyamiz, umurtqa pog‘onalari, asab tolalari orqali dunyoni, g‘ayb olamini anglasak, bosh va umurtqa pog‘onalariga o‘xshaydigan dutor, tanbur kabi cholg‘u asboblarini chalish bilan asablarimizga dam beramiz, ma’naviyat-ma’rifat, san’at olamiga kirib boramiz.

Ehtimol, ana shu uyg‘unlik tufayli qadimda barcha qomusiy yulduzshunos olimlar musiqashunos ham, tabib ham bo‘lishgan. Jumladan, Farobiy musiqashunos bo‘lish bilan birga, yulduzshunos ham bo‘lgan yoki shayx ur-rais Ibn Sino buyuk hakim va yana nujum ilmining sohibi ham bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek falakiyot ilmi bilan birga mumtoz musiqa san’atiga doir bir nechta asarlar yozgan.

Demak, musiqa san’atiga tegishli har bir cholg‘u uskunalarida, nafaqat quyosh, oy va sayyoralar bilan bog‘liq notalar, balki dutor, tanbur kabi cholg‘u asboblari kosalari - bosh kosamizga, dastagi - orqa miyamiz umurtqa pog‘onasiga, torlari esa asab torlariga xos va mos qilib yaratilgan ekan.

Bularning barchasi Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kvadrant asbobi ko‘rinishida o‘z aksini namoyon qiladi. 

Ikromiddin SIROJIDDINOV,

Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi ilmiy xodimi.