YuNESKOning Umumjahon moddiy va nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondan nechta ob’yekt kiritilgan?

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalar belgilab olingan edi.
Jumladan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish, bu borada bir qator muhim chora-tadbirlar qatorida YuNESKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondagi yangi ob’yektlarni kiritishni tezlashtirish vazifasi ham qo‘yilgan edi. Xo‘sh, bugungi kunda yurtimizning qaysi moddiy va nomoddiy meroslari YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan va yana qaysilari kiritilishi rejalashtirilgan?
YuNESKOning umumjahon ro‘yxatidagi moddiy madaniy meroslar soni 1121 tani tashkil etadi. Mazkur ro‘yxatga O‘zbekistondan 4 ta meros kiritilgan bo‘lib, bular:
- Ichan qal’a (1990 yilda);
- Buxoro shahrining tarixiy qismi (1993 yilda);
- Shahrisabz shahrining tarixiy qismi (2000 yilda);
- Samarqand shahri (2001 yilda).
YuNESKOning umumjahon ro‘yxatidagi nomoddiy madaniy meroslar soni 500 dan ortiqni tashkil etib, mazkur ro‘yxatga O‘zbekistondan 8 ta meros, ya’ni:
- Boysun tumani madaniyati (2008 yilda);
- Shashmaqom (2008 yilda - O‘zbekiston va Tojikiston);
- Katta ashula (2009 yilda)
- Askiya - aql-idrok san’ati (2014 yilda)
- Navro‘z (2016 yilda O‘zbekiston va yana 11 ta davlat);
- Palov tayyorlash madaniyati va urf-odati (2016 yilda);
- Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, atlas va adras matolarini to‘qishning an’anaviy texnologiyasi (2017 yilda);
- Xorazm lazgisi (2019 yilda) kiritilgan.
Shuningdek, YuNESKOning 2020 yil dekabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan nomoddiy meroslar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha anjuman muhokamasiga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Eron davlatlari tomonidan miniatyura san’atini mazkur ro‘yxatga kiritish yuzasidan murojaat taqdim etilgan.
Internet ma’lumotlari asosida Sh.SUVONQULOV tayyorladi.