YuNISEF vakolatxonasi rahbari Suriyadan o‘zbekistonlik bolalar va ayollarning vatanga qaytarilishiga o‘z munosabatini bildirdi
YuNISEF 73 nafar bola va 25 nafar ayolning Suriyadan Toshkentga olib kelinishiga munosabat bildirdi.
Qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan bolalar repatriatsiyasi va integratsiyasini ta’minlashdagi O‘zbekistonning doimiy yetakchiligi hamda qat’iyati namunalidir.
Ushbu uchinchi repatriatsiya ko‘pchiligi juda yosh bo‘lgan 170 dan ziyod bolalarni vatanga qaytarish va ularning reintegratsiyasini ta’minlagan 2019 yildagi ikkita muvaffaqiyatli kampaniyadan keyingisi bo‘ldi. Oiladagi mehr va g‘amxo‘rlikning muhim ahamiyatini inobatga olgan holda, ushbu bolalarning aksariyati endi oila a’zolari bilan yashayaptilar.
YuNISEF o‘zining dunyo bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlardan jabr ko‘rgan bolalar, oilalar va jamoalarga ko‘mak berish bo‘yicha ko‘p yillik tajribasiga tayangan holda, bolalar va ayollarni vatanga qaytarish hamda ularning oilalari va hamjamiyatlari bilan birlashtirishdagi O‘zbekiston Hukumatining sa’y-harakatlarini birinchilar qatorida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
YuNISEF qurolli guruhlarga aloqador yoki ular nazoratida yashagan, deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan bolalar va ularning onalari ahvoli bilan bog‘liq muammoni hal qilishda O‘zbekiston Hukumatini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu bolalarning ba’zilari og‘ir qiyinchiliklar qurboniga aylangan. Biroq tajriba, jumladan, O‘zbekiston tajribasi, bunday bolalar o‘zlarini tiklab olishga va reintegratsiyaga, ta’limdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga hamda o‘z hamjamiyati hayotiga ijobiy hissa qo‘shishga qodir ekanliklarini ko‘rsatadi. Bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash tamoyiliga muvofiq, YuNISEF Hukumatni barcha bolalarning o‘z mahalliy jamoalariga xavfsiz integratsiyasini davom ettirish va kengaytirishga, oila birligini saqlab qolishga va ularning, jumladan, qonun bilan kontaktda bo‘lgan bolalarning, qurolli to‘qnashuv qurbonlari maqomini saqlashga da’vat etadi.
YuNISEF ushbu bolalar va ayollarga nisbatan xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar asosida munosabatda bo‘lish borasidagi Hukumat sa’y-harakatlarida ko‘mak berish uchun psixologik-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va qayta integratsiya xizmatlarini taqdim etishga tayyor ekanligini bildiradi.