Yuragimga darmon Samarqand

Qulog‘imdan ketmaydi hech Registonning navolari
Dilorom Ismoilova 1965 yilda Jomboy tumanining Jomboy qishlog‘ida tug‘ilgan. Urgutdagi 13-umumta’lim maktabini, so‘ngra Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetini tamomlagan. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Saodat” jurnali bo‘lim muharriri, “Agro biznes inform” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritgan.
Dilorom Ismoilova “Yuragimda gullar shiviri”, “Rayhon isli kunlar”, “Sog‘inib ketdim”, “Mehribonim, qaydasiz”, “Vatanni jonimdek asragin” kabi she’riy to‘plamlar, “Mehr” nomli avtobiografik qissa muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Shuhrat” medali sohibasi.
BAHORDA
Qushlarning tilida salovat, zikr,
Zaminning yuziga sochilgan gullar.
To‘lqin sahnasida o‘ynaydi quyosh,
Havoda dilni mast etuvchi bo‘ylar.
Sekin ko‘tarilar shoxlar ko‘ksida –
Kurtaklar, ko‘krakning uchiga o‘xshab.
Dunyoni chorlaydi, chaqirar bizni
Adirlar zangori gilamin to‘shab.
Hayot boshlanibdi yangitdan, demak,
Nahot yuragimga bahorlar qaytdi.
Bu xabarni menga tomlarga chiqib,
Barglarin silkitib qizg‘aldoq aytdi.
Qochdi ko‘zdan uyqu, uyg‘ondi hislar,
Zavqimdan she’r yozib, kelar kuylagim.
Och qolgan go‘dakdek tamshanib, tinmay
Cho‘qqi emib yotar bulut ko‘kragin.
YuRAGIMGA DARMON SAMARQAND
Yuragimga darmon bo‘lar
Samarqandning havolari.
Qulog‘imdan ketmaydi hech
Registonning navolari.
Osmonlarga yetib borar
Muazzinning sadolari.
Yuragimga darmon bo‘lar
Samarqandning havolari.
Shu tuproqda onam yotar,
Shu tuproqda yotar otam.
Bu zaminni asta bosing,
Sekin bosing, ahli olam.
Bu yerdagi ulug‘larim
Qayda bor, ey, ayting, odam,
Shu tuproqda onam yotar,
Shu tuproqda yotar otam.
Ko‘zlarimga keng ko‘rinar
Urgut degan dunyolari.
Hamon sochim tarab qo‘yar
Zarafshonning sabolari.
Erta qaytib uyg‘otadi
Jomboyimning satolari.
Ko‘zlarimga keng ko‘rinar
Urgut degan dunyolari.
Sajdagohim, Samarqandim –
Mangu o‘lmas, tirigim.
Qo‘ng‘iroqsoch Diloromni
Katta qilgan beshigim.
Goho to‘lib, goho kulib,
Borsam, agar bag‘riga
Quchog‘ini keng ochgan u,
Mangu ochiq eshigim.
Jon ila senga bog‘landim,
Senda ildizim, bandim.
Afsonalar sahifasidan
Chiqqan Samarim, Qandim.
Qayda bo‘lsam talpingayman,
Sen tomon, ey, sajdagoh.
Muazzamim, tabarrugim
Samarqandim, sajdagoh.
EY, GUL
Ey, gul, sani ko‘rgach, borni unutdim,
Yaprog‘ing suyiga labimni tutdim.
Bilsang, bu diydorni necha yil kutdim,
Kelganliging rostmi ko‘nglimga manim?
Hajring dayr yo‘lida xor etmish mani,
Yo‘q edim, bu ishqing bor etmish mani.
Bilmam, ne yumushga kor etmish mani,
Kelganliging rostmi ko‘nglimga manim?
Senga qarab, o‘zni tanib boryapman,
Haqdan o‘zga ne bor, tonib boryapman.
Bir savol o‘tida yonib boryapman,
Kelganliging rostmi ko‘nglimga manim?
Chin kelsang, eng baland tog‘ erur ko‘ngil,
Rayhonli, iforli bog‘ erur ko‘ngil.
Yo‘qsa, dog‘ ichinda dog‘ erur ko‘ngil,
Kelganliging rostmi ko‘nglimga manim?
Ey, gul...
QUShLARGA AYLANIB...
Qushlarga aylanib uchar xazonlar
Shamolda sarg‘aygan qanotin yozib.
Xush kelding yurtimga bir yil deganda,
Kuz ismli go‘zal qiz ozib-yozib.
Dalalar dasturxon yozadi, saxiy,
Bog‘lar mevasini qo‘yar o‘rtaga.
Osmon quchog‘ida suzgan bulutlar,
Yomg‘irini qo‘yib qo‘yar ertaga.
Axir kuz kelibdi bir yil deganda,
Karnaylar sadosi yangrar azonlab.
Mezonlar suzilib o‘ynar havoda,
Qushlarga aylanib uchar xazonlar.
YaXShILAR
Yaxshiyam, borsizlar, yaxshi odamlar,
Siz bilan ko‘zimga yorug‘dir olam.
Ko‘nglim go‘yo tog‘dek o‘sib boryapti,
Qo‘limda bulbuldek kulaydi qalam.
Yurakka ilmning cho‘g‘ini solgan
Zakiy ustozlarim, karvonboshlarim.
Hech kimga bildirmay ehsonlar qilib,
Kamtargina yurgan qishloqdoshlarim.
Yaxshiyam, sen borsan, o‘g‘lim, jon qizim,
Sizni bergan Haqqa aytaman shukur.
Yoniq chiroqlarim, nabiralarim,
Shoir momo sizga ertaklar to‘qir.
Odamlar, bu olam buncha chiroyli,
Asli yaxshilikda ko‘p ekan hikmat.
Xudoyimga soldim yig‘latganlarni,
Yuzimni kuldirgan sizlarga, rahmat.
DILIM OBODLIGI O‘ZINGDAN
O‘zim ozodman-u, yurak qafasda,
Tushayapsan yodga har bir nafasda.
Sendan o‘zga bari bekor, abasda,
Xurramlik sendandir, ozod o‘zingsan.
Yaratgan tufrog‘ing gardi bo‘lolsam,
Yaprog‘ingga shabnam kabi to‘lolsam,
Baxtim shu, zikringda agar o‘lolsam,
Har neki g‘ubordan ozod o‘zingsan.
Sadafim, ko‘p sha’nlar inson uchundir,
Ne’mating, gulshanlar inson uchundir.
Fursatni berganing imkon uchundir,
Jonimning egasi, gulshod o‘zingsan.
So‘zlarim ko‘zimdan tomib boryapti,
Bu ko‘ngil o‘zidan tonib boryapti.
Qara, yo‘llar senga olib boryapti,
Dunyodan ozodman, ozod o‘zingsan,
Dilim obodligi o, zod o‘zingdan.
UMR O‘TIB BORAR
Shuncha ham tez o‘tib borarmi umr,
Kecha juma edi, bugun dushanba.
Tarix deb atalgan zarrin kitobga
Bitilib kelyapti qanchalar manba.
Yuguruk shamoldek yugurar yillar,
Birda ruhim baland, birda past erur.
Oynadan oy boqib, quyosh o‘tadi,
Yulduzlar qarog‘im taftida erir.
O, sen donish dunyo, dono kampircha,
Nimani o‘ylaysan hassa suyanib.
Balki Arximedning topgan nuqtasi
Sening shu hassangga turar tayanib.
Ko‘zlarimdan uchgan shu mehrli nur,
Ajabmas zulmatni ketsa yoritib.
Faqat bir o‘tinchim bor, momo dunyo,
Orzumga yetmasdan qo‘yma qaritib.
ONAM O‘PGAN KO‘ZLAR
Ona, bugun tug‘ilgan kunim,
Dunyolarni bir chetga suring.
Tushlarimda bo‘lsa ham, mayli,
Qizingizni tabriklab qo‘ying.
Ne ishlarni qildim, qilmadim,
Neni bildim, neni bilmadim.
Ammo aniq bilaman, ona,
Sizningsiz chin dildan kulmadim.
Doim nedir qadalib turar
Yuragimga, goho bo‘g‘zimga.
Qanday yashar buyog‘iga deb,
Qaraganlar bo‘ldi ko‘zimga.
Davlat, obro‘, siz baxt ekansiz,
Sizsiz nelar qildim, bir ko‘ring.
Tabrigingiz boshqacha sizning,
Ona, meni tabriklab qo‘ying.
Xotiramda, qizaloq paytim
Kundek kulib, oydek yarqirab,
Sen tug‘ilgan kun bugun, deya
Qo‘yardingiz sochlarim tarab.
Peshonamda, yuzim, ko‘zimda
Hamon sezgum issiq bir nafas.
Qulog‘imdan ketmaydi sira
Mehrli va mayingina sas.
O, men uchun dunyo edingiz,
Men dunyomni yo‘qotib qo‘ydim.
Ko‘zyoshimga qo‘shilib oqqan,
Onam o‘pgan ko‘zlarni suydim.
Dilorom Ismoilova.