"Yuragimga eng yaqinlarim!"

Bugun kattaqo‘rg‘onlik taniqli shoira Erkatosh Shukurova 70 yoshga to‘ldi.

Erkatosh opa 1952 yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. Samarqand davlat pedagogika instituti (hozirgi SamDU)ning til va adabiyot fakultetini tugatgan.
"O‘zi bo‘lib yashayman", "Ko‘klamga noma", "Qomati  shamshodim", "Namozshomgulim", "Kattaqo‘rg‘on ilhomlari", "Ishqli dunyo", "Dil so‘z", "Mezon qo‘shiqlari", "Ranglar oralab", "Sog‘inch rangi", AQShda ingliz tilida "Oy to‘lgan kecha" kitoblari nashrdan chiqqan.
She’rlari rus, ingliz, hind, italyan tillariga tarjima qilingan.
Erkatosh opa bugungi kunda qizg‘in ijod bilan band.
Biz opani tabarruk yoshi bilan qutlab, mustahkam sog‘liq, jo‘shqin ijod tilaymiz.

***

VATAN
Yuragimga eng yaqinlarim,
Quyosh, oyim, chaqinlarim,
Do‘stim, onam, singillarim,
Onam dedim, Vatanim dedim.

Kirib kelsa bodom gulida,
Qizg‘aldoqlar o‘ngu so‘limda,
Yetaklasa asta qo‘limdan,
Onam dedim, Vatanim dedim.

Kechalari beshik tebratib,
Alla aytganda erkalatib
Sha’niga men qo‘shiqlar bitdim,
Onam dedim, Vatanim dedim.

Eng toza gul iforlarini,
Subhi sabo, nahorlarini,
Sevdim Navro‘z, bahorlarini,
Onam dedim, Vatanim dedim.

Nihol ekdim, bog‘, chorbog‘ qildim,
Meva berdi, ko‘nglim chog‘ qildi,
Shodliklarim beadog‘ edi,
Onam dedim, Vatanim dedim.

Bir kun bexos to‘fon o‘kirib,
Shart ko‘ksimga panjasin urib
Yuragimni oldi sug‘urib,
Hayqirdim men, o-o-n-a-a, dedim.
Onam dedim, Vatanim dedim.

Tushimmidi, o‘ngimmi, bilmam,
Bo‘lib ketdi dunyo charxpalak,
Sitamlaring kammidi, falak?
Onam dedim, Vatanim dedim.

Faryodlarim larzaga soldi,
Uyum-uyum to‘kildi tog‘lar,
O‘zimni, hushimni yo‘qotdim,
Onam dedim, Vatanim dedim.

O‘lmadim, yo‘q, yana uyg‘ondim,
Sabrim shamollarga sochdim jim,
Mehrin tutdi, dast tutdi qo‘lim,
Vatan dedim, jon, onam dedim,
Ona dedim, Vatanim dedim.

G‘AYuRGA
Senga nima ishim bor mening?
Suyganim gul, gulbahor mening.
Aytay, sening qarg‘ishlaringmas,
O‘ldirsa ishq o‘ldirar meni.

Senga nima ishim bor mening?
Tilovatim har nahor mening.
Navolarga to‘lsin yuragim,
Xonishlarim o‘ldirar seni.

Senga nima ishim bor mening?
Baxtiyorman, baxtim yor mening.
Menga bir pashshacha kelmassan,
Yurishlarim o‘ldirar seni.

Senga nima ishim bor mening?
Men bor joyda dunyong tor sening.
To‘kilib-to‘kilib ketaverasan,
Kulishlarim o‘ldirar seni.

Senga nima ishim bor mening?
Dilda faqat Haq va or mening,
Erkatosh deb otilib chiqqan
Qo‘shiqlarim o‘ldirar seni.

Erkatosh ShUKUROVA.