Yuridik texnikum o‘quvchilari xorijiy OTMlarda 2-bosqichdan ta’lim olishlari mumkin
Bu haqda viloyat Matbuot uyida jurnalist va blogerlar uchun bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Yuridik texnikumlar uchun bir qator imtiyozlar hamda xalqaro reytingni aniqlash (KPI) tizimi joriy etildi, - dedi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Samarqand yuridik texnikumi direktori Otabek Toshniyozov. - 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab texnikum bitiruvchilari yakka tartibdagi suhbat asosida Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universitetining yuristprudensiya yo‘nalishlariga 2-bosqichdan qabul qilinadi. Bundan tashqari, texnikum o‘quvchilariga TDYuUning Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy davlatlari bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ham 2-bosqichdan ta’lim olish imkoniyati yaratilgan.
Yuridik texnikumda ta’lim to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, dars ishlanmalari, onlayn taqdimotlar, animatsion darslar, videoinstruktorlar kabi kontentlar elektron platformalarga joylashtirilgan.
Texnikum o‘quvchilari uchun chet tillarni o‘rganish, o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlari uchun dars jarayonidan tashqari vaqtlarida IELTS, rus tili mashg‘ulotlari, mutaxassislik fanlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilgan.
Samarqand viloyati yuridik texnikumida o‘quvchilar 3 ta mutaxassislik bo‘yicha davlat huquqiy faoliyat, sud huquqiy faoliyat, yuridik xizmat yo‘nalishlarida ta’lim oladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab texnikumda ta’limning kredit-modul tizimi joriy qilingan.
Yuridik texnikumga talabgorlar Davlat test markazi tomonidan saralab olinadi. Talabalar davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oladi.
Xurshida Ernazarova.