Yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi
Hurmatli deputat va senatorlar!
Inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettiriladi.
Xabaringiz bor, so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlarni qo‘ydik. Bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, bu borada hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p.
Birinchidan, yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lishi lozim.
Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilar edi. Birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan o‘zgartirilgan va bekor qilingan.
Kelgusi yildan boshlab, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi.
Navbatdagi muhim masala – yangi yildan boshlab, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi.
Shuningdek, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi.
Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.
Yana bir muhim yangilik – investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi.
Endi yirik investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.
Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash borasidagi ishlar davom ettiriladi.
Jumladan, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri probatsiya nazoratiga olinadi.
Mazkur yengillik natijasida hozirda jazo o‘tayotgan 6 ming nafar shaxsga o‘z mahallasi nazorati ostida oilasi bag‘rida bo‘lish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish va shartli ozod qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish organidan, yangi tashkil etiladigan Insonparvarlik komissiyasiga o‘tkaziladi.
Uchinchidan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarur.
Ushbu holatlar hali ham uchrab turgani fuqarolarda jiddiy e’tirozlarni keltirib chiqarayotgani hamda mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham ayni haqiqat.
Oliy Majlis palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan ikki oy muddatda o‘z takliflarini ishlab chiqishi zarur.
Bunda, Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda, tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha ma’ruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim.
To‘rtinchidan, o‘tgan yili 1995 yilgacha yurtimizga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 50 ming nafardan ortiq shaxslarga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.
Kelgusi yilda bu ishlarni davom ettirib, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib, doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini bersak, nima deysizlar?
Bu o‘zgarish bilan yurtimizda yashab kelayotgan yana 20 ming kishi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan buyon, yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar yaqin-uzoq mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyat va to‘qnashuvlar sharoitida biz yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarimizni yanada jadallashtirishimiz lozim.
Kelgusi yilda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimizni davom ettiramiz. Xususan, Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida e’tibor qaratamiz.
Kelgusi yilda jamoat xavfsizligini ta’minlash, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.
Huquq-tartibot idoralarini aholi osoyishtaligi va fuqarolar manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.
So‘nggi yillarda respublikamizda yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar, kuz-qish mavsumida sodir bo‘layotgan yong‘in va boshqa ko‘plab noxush holatlar bu boradagi mavjud tizimni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Yurtimizda barpo etilayotgan ko‘plab yirik ob’yektlar va baland qavatli binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini tashkil etish zarur.
Shuningdek, sohaning moddiy-texnika bazasini va kadrlar salohiyatini tubdan mustahkamlash lozim.
Shu sababli 2 oy muddatda “Favquloddagi holat to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi hamda yuqorida qayd etilgan muammolar yechimiga qaratilgan Hukumat dasturi ishlab chiqilsin.