"Yutuqlarimda safdoshlarim hissasi bor": "Jasorat" medali sohibi armiya haqida
Harbiylik libosini kiyish, Vatan posboni bo‘lib, yurt himoyasida turish har bir yigitning orzusi hamda eng sharafli burchidir. Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qismlarning birida yo‘riqchi serjant vazifasida xizmat qilayotgan Mansur Tog‘ayniyozov ana shunday mas’uliyatli vazifani ado etayotgan o‘g‘lonlardan biri.
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ilgan qahramonimiz bolaligidan harbiylikka mehr qo‘ygan, yillar o‘tib, orzusiga erishgan va ayni damda Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan bajarib kelmoqda.
- 19 yildan beri harbiy sifatida faoliyat olib boryapman, - deydi ikkinchi darajali serjant Mansur Tog‘ayniyozov. - Yoshligimda harbiylarga qiziqib, men ham harbiy bo‘lsam, Vatanimga xizmat qilib, ota-onam ishonchini oqlasam, deb orzu qilardim. 2004 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirildim. Xizmat davrida komandirlarimning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, dovyurakligi, shijoati harbiylikka bo‘lgan havasimni oshirdi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirdim. 2010 yilda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi miqyosida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or razvedka guruhi” musobaqasida birinchi o‘rinni egalladim.
Sportning yengil atletika turiga qiziqishim baland edi. O‘sha vaqtlarda sportning shu yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada besh karra g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Keyinchalik “Eng ilg‘or mutaxassis” tanlovining “Eng ilg‘or serjant” musobaqasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug miqyosida birinchi, Mudofaa vazirligi miqyosida esa ikkinchi o‘rinni egalladim.
2017 yildan esa xizmatni Markaziy harbiy okrugda davom ettirdim. Bu yerda “Eng ilg‘or razvedka guruhi” musobaqasida umumjamoa hisobida birinchi, “Eng ilg‘or kasb ustasi” tanlovining “Eng ilg‘or serjant” musobaqasi g‘olibligini, Mudofaa vazirligi miqyosida esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim.
Mansur Tog‘ayniyozov xizmati davomida jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha ishlarni tashkil etish va o‘tkazish, shaxsiy tarkibni Vatanga, harbiy burchga hamda qasamyodga sodiq, yuksak jangovar va axloqiy-ruhiy barqaror bo‘lib shakllanishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Uning o‘tgan yillar davomida erishgan muvaffaqiyati, bu yo‘ldagi shijoati, intiluvchanligi mustaqilligimizning 32 yilligi bayramida e’tirof etildi va “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
- Prezidentimiz tomonidan ushbu mukofotga loyiq ko‘rilganim, Vatanimiz tinchligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishda iftixor bag‘ishladi va yuksak mas’uliyat ham yukladi, - deydi Mansur Tog‘ayniyozov. - Shu kungacha erishgan muvaffaqiyatlarimda oilam, komandirlarim va safdoshlarimning hissasi katta. Chunki ularning qo‘llab-quvvatlashlari va bildirgan ishonchi bilan yutuqlarga erishyapman. Bundan keyin ham yurtimiz tinchligi, milliy armiyamiz rivoji uchun mehnat qilishdan to‘xtamayman.
Fazliddin Ro‘ziboyev, Baxtiyor Mustanov.