Yuz terisini torttirishda birgina xato falajlikka olib kelishi mumkin

CCV matbuot xizmatining plastik jarrohlik haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Bobur Toirov javob berdi.

—  Burun shaklini o‘zgartirish operatsiyalari xavfli emasmi?

—  Burun shaklini o‘zgartirish, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish va nafas yo‘llari bilan bog‘liq o‘zgarishlarning oldini olish rinoplastika usulida bajariladi. Shuningdek, burun do‘ngligi, shakli qiyshayishi, burun o‘lchamining katta yoki kichikligini korreksiya qilish ham mazkur amaliyot sirasiga kiradi.

Muolaja 1,5-2 soat davomida mahalliy anasteziya yoki vena orqali anasteziya yordamida amalga oshiriladi. Operatsiyadan so‘ng bir hafta davomida gips bog‘lami taqiladi. Natija 1-1,5 oyda sezila boshlaydi.

Rinoplastika amaliyoti zargarlik ishiga tenglashtiriladi. Sababi, burun shakli o‘zgartirilgach, yuz tuzilishiga qanchalik mos kelish-kelmasligini oldindan aytish qiyin. Shifokorlar faqat taxmin qilishadi, xolos.

Ammo natija gips bog‘lami olinib, shishlar tarqagachgina ma’lum bo‘ladi. Rinoplastika noto‘g‘ri bajarilganida esa burunni qayta korreksiyalashga to‘g‘ri kelishi ham mumkin. Ammo ko‘p martalik qayta o‘tkazilgan amaliyotlar burun kemirchagining buzilishiga olib keladi.

— Yuz terisini taranglashtirish operatsiyalari kutilganidek chiqmasligi ham mumkin, shunday emasmi?

— To‘g‘ri, lifting muolajasining bir turi bo‘lgan mezoiplar yordamida terini taranglashtirish afsuski, doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Masalan, bunday muolajadan so‘ng gematomalar, terining ko‘karib qolishi, iplar noto‘g‘ri joylashganida teri yuzasi tekisligining yo‘qolishi, hatto mezoiplar o‘rni yiringlab ketishi ham mumkin.

Ba’zan shishlar ta’sirida yuz mimikasi harakatiga javobgar nerv tolalari siqilib qoladi. Oqibatda yuzning ma’lum qismi ishlamay qolishi mumkin. Yoki iplar joylashtirilayotganida qaysidir nerv tolasiga tegib ketilsa ham yuz mimikasi yo‘qoladi.

Mezoiplar haddan tashqari tortilgan bo‘lsa, yuzning tabiiy ko‘rinishi yo‘qoladi. Bunda qoshlar yuqoriga ko‘tarilib qolishi, yonoqlar yaqqol ajralib turishi seziladi va ba’zan teri yuzasida to‘lqinsimon burmalar yuzaga keladi.

Amaliyot gigiyena qoidalariga rioya etilmagan holda bajarilsa yoki mutaxassis kerakli malakaga ega bo‘lmasa, teriga infeksiya tushishi ehtimoli ortadi. Bu esa o‘tkazilgan muolajadan so‘ng ortga qaytarib bo‘lmas asoratlar va xunuk chandiqlarni paydo bo‘lishiga olib keladi.

Iplar tuzilishiga ko‘ra farqlanadi. Agar u juda ingichka bo‘lsa, ma’lum vaqtdan so‘ng yig‘ilib qolishi va teri yuzasida sezilishi mumkin.