Zaharlangan non

Bir kambag‘al ayol har kuni ertalab ikkita non pishirar ekan. Bittasini oila a’zolari uchun qoldirar, ikkinchisini esa o‘tib ketayotgan har qanday muhtoj yo‘lovchi uni olishi uchun derazaning tashqaridagi tokchasiga qo‘yar ekan.

Nonni tokchaga qo‘yaturib, ayol yaxshi hayot izidan chiqib ketgan va bir necha oy davomida undan xabar bo‘lmagan o‘g‘lini sog‘-omon qaytishi so‘rab duo qilardi.

Ko‘p o‘tmay ayol har kuni bir bukri odam kelib, tokchadagi nonni olib, minnatdorchilik bildirish o‘rniga “Qilgan yomonligingiz o‘zingizda qoladi, yaxshiligingiz o‘zingizga qaytadi!”, deb ming‘illab, yo‘lida davom etishini kuzata boshlabdi.

Bu hodisa kundan kunga davom etar, ayol kutilgan minnatdorchilik so‘zlarini ololmay, o‘zini haqoratlangan kabi his qila boshlabdi. Bir kuni “Bu badbaxt har kuni bir narsani takrorlayveradi, u nimani nazarda tutar ekan, - degan xayolga borib, ayol g‘azablanibdi va ikkinchi nonga zahar qo‘shib qo‘yibdi. - Men bu bukridan qutulaman”.

Nonni deraza tokchasiga qo‘ymoqchi bo‘lganida, uning qo‘llari titrab ketibdi. “Nima qilyapman, axir?”, o‘ylanib qolibdi u. Darhol zaharlangan nonni olovga tashlab, boshqasini pishirib yana tokchaga qo‘yibdi.

Ayolning ichida g‘azablangan his-tuyg‘ulardan bexabar bukri odatdagidek, nonni olib “Qilgan yomonligingiz o‘zingizda qoladi, yaxshiligingiz o‘zingizga qaytadi!”, deb o‘zining o‘zgarmas so‘zlarini to‘ng‘illab, yo‘lida davom etibdi.

O‘sha kuni kechqurun kimdir eshikni taqillatibdi. Eshikni ochgan ayol nihoyatda och, yupun, zaiflashgan va yirtiq kiyimdagi o‘g‘li turganini ko‘ribdi.

- Onajon, mening bu yerga kelib qolganim mo‘’jiza! Men uydan atigi bir chaqirim narida edim, lekin ochligimdan hushimdan ketibman. Ehtimol, o‘lgan bo‘lar edim, lekin shu payt qandaydir qari bukri odam kelib, menga mehribonlik qildi. Kun davomida uning yagona ovqati shu non ekanligini va men undan ko‘ra ko‘proq muhtojligimni aytib, uni menga yedirdi.

Bu so‘zlarni eshitgan onaning yuzi oqarib ketdi va yiqilmaslik uchun eshikka suyandi. Ertalab o‘zi zaharlagan nonni esladi. Axir, agar uni olovga tashlamaganida o‘g‘li o‘lishi mumkin edi. Shunda ayol bukri kishi aytgan so‘zlarning ma’nosini tushunib yetdi: “Qilgan yomonligingiz o‘zingizda qoladi, yaxshiligingiz o‘zingizga qaytadi!”.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.