Zahiriddin Bobur va Muhammad Shayboniyxon. Millatning bu ikki buyuk farzandini bir-biriga dushman tanitish kimga kerak?

O‘tgan asrda tariximizni qayta yozgan mustamlakachilar bizga buyuk ajdodlarimizni qay yo‘sinda tanitgan bo‘lsa, afsuski, hali-hanuz ular yozgan tarixni o‘qishda davom etyapmiz.

Mustaqil bo‘lganimizga biz qisqa vaqt deyishni xush ko‘rsak-da, bugungi shiddatli davr uchun katta muddat – o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Vaholanki, necha ming yillik tariximizni butunlay teskari ag‘darib berish uchun mustamlakachilarga ayni shuncha vaqt yetib ortdi. O‘tmishimizni qora bo‘yoqlarda boyitdi, millatning asl farzand­larini bosqinchi deya tanitdi.  

Xususan, ikki buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur va Muhammad Shayboniyxon munosabatlari haqidagi birgina tarixiy hodisa buni yaqqol ochiqlaydi. Albatta, o‘tmishda butunlay savodsiz bo‘lgan millat ekanimizni “isbotlab bergan” tarixnavislar uchun bu ish qiyin bo‘lmadi. Bu ikki sarkarda o‘rtasidagi kam sonli ziddiyatlarni mubolag‘alab, birida qahramonlik va dilbarlikni bo‘rttirar ekan, birida johil bosqinchi, zolim sulton obrazini yaratdi.

Aslida ularni mamlakatdagi siyosiy hayot bir-biriga raqib qildi. Movarounnahrda shayboniylarning hukumatga kelishi temuriy shahzodalarning o‘zaro urushlarga kirishib ketishi, hukumatda parokandalik avj olishi bilan bog‘liq edi. Bunday holatda yangi kuch, yangi bir sulola vujudga kelishi tabiiy jarayon. Shayboniyxon temuriylar hukmronligi ostida bo‘lgan Turkiston, Turon zaminining farzandi, har jabhada ilmli, shijoatli, shu mamlakat taxtiga loyiq sarkarda edi. Uni bizga bosqinchi deb tanishtirish asl bosqinchining o‘z kirdikorlarini xaspo‘shlashdan boshqa narsa emasdi.

Mirzo Boburning “Boburnoma” asari u va Shayboniyxon munosabatlarini to‘laqonli ochib beradi. Asarda bobosi Amir Temurning taxtiga munosib voris ekanini ta’kidlagan va buning uchun qilgan sa’y-harakatlarini, boshqa temuriy shahzoda hamda Shayboniyxonning hukumatga kelishini Bobur taxt uchun ichki kurashlar sifatida baholaydi. Shu o‘rinda shayboniylar bilan o‘zaro hurmat va teng munosabat, hatto kerak o‘rinda qarindoshlik aloqalari haqida ma’lumot beradi. Keyinchalik Bobur va uning avlodlari hindda hukmronlik qilar ekan, shayboniylar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini olib boradi. Movarounnahrdan borgan olimlar, sarkardalar va elchilarni qadrlaydi, ularga ishonch bildiradi, hatto shayboniylarga juda yaqin bo‘lgan saroy kishilariga ham. Biz uchun bitilgan tarixlarda esa bularning bariga ko‘z yumiladi.   

Bobomiz Muhammad Bobur yetuk sarkarda, davlat arbobi va shoir. Ammo buni ayni shunday nomlarga munosib bo‘lgan ajdodimiz Muhammad Shayboniyxon shaxsiga zarra qadar soya solmay qadrlashimiz, ulug‘lashimiz, o‘rganishimiz lozim. Bizga tarix yozib berganlar millatimizning millionlab ziyolilarini qatag‘on qilgan hukmdorlarini bugun dunyoga qahramon ko‘rsatayotgan va yana mustamlaka qumsayotgan bir paytda ular yozib bergan tarixni yodlashimiz, kelgusi avlodlarga ham uni shu ko‘y xatoliklar bilan yetkazishimiz, ularning bugungi maqsadlari tegirmoniga suv quyish bilan barobar.

O‘tmishimiz haqidagi yolg‘on tarixni o‘qir ekanmiz, bugun ba’zan ma’naviy, ma’rifiy, milliy va siyosiy xulosalarimiz qullik zanjirini uzolmaganligimizni ko‘rsatadi.

Bugun tarixchi olimlarimiz oldida turgan mas’uliyat shundaki, ajdodlarimiz haqida g‘araz manfaatlarga ishlovchi, haqiqatdan yiroq, soxta ma’lumotlarni sizdiruvchi manbalardan voz kechish, xususan, Shayboniyxon shaxsi, shayboniylarning o‘zbek davlatchiligida tutgan mavqei, uning yutuqlarini tarixiy dalillar bilan o‘z o‘rniga qo‘yishdir. Shayboniyxonning sarkardalik iste’dodi ochiqlanar ekan, o‘z-o‘zidan Bobur shaxsi yanada yiriklashadi. Shunchaki, taqvimda bir kunni belgilab, uni nishonlash bilan tarix yaratib, undan ibrat olib bo‘lmaydi.

Sulaymon Mardiyev.