Zamonaviy jurnalist qanday bo‘lishi kerak?
Har qanday soha rivojlanishi uchun zamon bilan hamnafas bo‘lishi lozim, xususan, jurnalistika ham. Yangi janr va yo‘nalishlar, atamalar, millionlab auditoriyaning e’tiborida bo‘lgan zamonaviy texnika va texnologiyalar haqida bilmas ekanmiz, mahalliy darajadagi yutuqlar bilan quvonib yuraveramiz. Oqibatda yon-atrof, uzoq-yaqin mintaqalarda kechayotgan jarayonlar, hatto mahalliy yangiliklar ham tashqaridan ko‘proq olinadi. Bu esa turli xavflarni oshiradi. “Yangi media ta’lim markazi” nodavlat notijorat tashkiloti direktori, jurnalist Beruniy Alimov bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.
— Beruniy Alimov zamonaviy jurnalistika, deganda nimani tushunadi?
— Zamonaviy jurnalistika har bir o‘quvchining didiga javob bera olish imkoniyatidir. Shu bilan birga, u auditoriyaning istak va ehtiyojlarini aniqlay bilish, ijtimoiy fikrni to‘g‘ri yo‘naltirish kuchiga ega bo‘lishi kerak.
Bugun milliy jurnalistikamiz ham jahon jurnalistikasining tarkibiy bo‘g‘ini sifatida ulkan media oqimda ketmoqda. Lekin biz bu murakkab jarayonda, xususan, zamonaviylik ortidan quvib, jurnalistikaning milliy modelini unutib qo‘ymasligimiz kerak. O‘zbek jurnalistikasi shu kungacha 150 yillik davrni bosib o‘tgan bo‘lsa, u doim o‘zining milliy qiyofasini kashf etishga harakat qilgan va bugungi kunda ham bu jarayon davom etyapti. Bunda Sharq xalqlariga xos mintalitetimiz, turmush tarzimiz, an’analarimiz, mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabatimiz, milliy kontent, media imij singari juda ko‘p omillar inobatga olinadi.
— Milliy jurnalistikamiz «zamonaviy» maqomga qanchalar yaqin?
— Bilasizmi, milliy jurnalistikamizning zamonaviy jurnalistikaga qanchalar yaqin yoki yaqin emasligini ko‘plab tahlillar ko‘rsatib turibdi. Masalan, biz qay darajada ochiqmiz, ochila olyapmizmi, so‘z erkinligi haqida ko‘p gapiriladi, unga erishilyaptimi? Shu savollarning javobi vaziyatni oydinlashtiradi.
Bugungi kunda yurtimizda senzura yo‘q deyilgani bilan ichki senzuramiz saqlanib qolgan. Tabu qo‘yilgan mavzular yo‘q deb ayta olmaymiz. O‘z navbatida sohada rivojlanish ham bor. Shu nuqtai nazardan, milliy jurnalistikamizga «ochilayotgan», zamonaviy jurnalistikaga yaqinlashishga harakat qilayotgan jurnalistika, deya baho bergan bo‘lar edim.
— Bugun jamiyatda jurnalist va blogerlarning o‘rni mustahkammi? Ikki-uch yil oldingi shijoat yo‘qolgandek ko‘rinmayaptimi?
— Jurnalist va blogerlarning jamiyatimizdagi o‘rni o‘tgan davrdagiga nisbatan, buni tan olishsa yoki olishmasa ham, ancha yuqori deb hisoblayman. To‘g‘ri, ikki-uch yil oldingi vaziyat bilan solishtirganda, ularning faolligi bir oz susaygandek ko‘rinyapti, lekin tanganing ikkinchi tarafi shundaki, bugungi jurnalistikaning qiyofasi o‘zgaryapti. Ya’ni, hozir nafaqat matnlar, balki vizual kontentlarni rivojlantirish ustida ko‘proq ishlanyapti. Misol uchun, ilgari mavzuni yoritishda «longread», ya’ni, jadval uslubi kam ishlatilgan bo‘lsa, hozir buning aksi. Demak, biz uslubiy jihatdan o‘zgaryapmiz. Qaysidir ma’noda buni sonning o‘rniga sifat oshishi deyish mumkin.
Men sizning fikringizni ham ma’lum ma’noda qo‘llab-quvvatlayman. Milliy blogosfera, bosma matbuotda umumiy faollik tushgani rost. Misol uchun, har hafta nashr qilinadigan ayrim gazetalarimiz oyda bir marotaba chiqyapti, ba’zilari umuman yopilib ketish arafasida. Lekin bu bilan soha yoki jurnalistikaning taqdiri haqida xulosa qilib bo‘lmaydi. O‘sha 150 yillik tarixda ham bir maromdagi faoliyat kuzatilgan. Bugun yaxshi, ertaga yomonroq, kelajakda a’lo bo‘lishi mumkin. Jurnalistlar hech vaqt taslim bo‘lmagan va doimo o‘z haq-huquqlarini talab qilgan. Jurnalistika yopiq «parda»larni ochadi, undagi haqiqat hammaga ham, har doim ham yoqmasligi mumkin, ammo biz shu sohani tanladikmi, uni oyoqqa turg‘izish uchun astoydil harakat qilishdan to‘xtamasligimiz, ichki shijoatni yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak.
Birinchi savolingizga qaytsak, biz bir necha yildan beri kutilayotgan muhim hujjat - “Axborot kodeksi” qabul qilinishi arafasidamiz. U sohaga oid 8 ta qonun hujjatini umumlashtiradi va shundan keyin hamkasblarimizning jamiyatdagi o‘rni qonuniy jihatdan yanada mustahkamlanadi degan umiddaman.
— Jurnalistlarni sohadagi yangiliklar bilan tanishtirish, malakasini oshirish uchun turli seminar va treninglar o‘tkazib kelinadi. Xususan, Siz rahbarlik qilayotgan tashkilot bu borada katta loyihalarga qo‘l urmoqda. Ammo seminarlarda ishtirok etgan hamkasblarimizning barchasi ham olgan yangi bilimlarini amaliyotda qo‘llay olyaptimi?
— Yangi Media ta’lim markazimiz tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Biz faqat markaziy emas, asosan, viloyat, tuman, chekka hududlardagi ommaviy axborot vositalari fidoyilarining kasb mahoratini oshirishga ko‘mak berishga harakat qilyapmiz. Albatta, turli holatlar bo‘ladi. Shundaylari borki, biz kutganimizdan ko‘ra yaxshiroq samara bergan. Bu joylarda ishlayotgan OAV vakillarining yoshi yoki jinsiga ham bog‘liq masala emas, asosiy omil tinglovchining shaxsiy xususiyatlari va intilishi hisoblanadi. Bu holatni har qanday ta’lim jarayonida ko‘rish mumkin. Kimdir tez o‘zlashtiradi, kimgadir esa buning uchun vaqt kerak.
Treningda berilayotgan bilim, xususan, sohada ishlatilayotgan yangi uslub va texnologiyalar barcha joyda bir xil qabul qilinishini kutish noo‘rin deb o‘ylayman. Boisi yangilikni ishda qo‘llash bosqichma-bosqich bo‘ladigan jarayon. To‘g‘ri, tenglovchilarimizning barchasi ham bu imkoniyatdan to‘liq foydalana olmayotgandir, lekin biz harakatni to‘xtatmaymiz. Natija mehnatni talab qiladi.
— Bilamizki, tashkilotlardagi matbuot kotiblari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan attestatsiyadan o‘tkazib turiladi. Balki jurnalistlarni ham shunday sinovlardan o‘tkazib turish kerakdir, nima deb o‘ylaysiz?
— Jurnalistlarni ishga olishdan avval kasb mahorati bo‘yicha imtihon qilish zarar qilmaydi. Lekin bu imtihonni o‘ta markazlashgan shaklda, viloyat yoki tuman miqyosida biror mas’ul tashkilotni belgilagan holda o‘tkazish kerak deb o‘ylamayman. Ayni jarayon tahririyat yoki jurnalistlarning ijodiy uyushmalarida sohaning faxriylari tomonidan amalga oshirilsa va unda asosiy e’tibor jurnalistik etikaga qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Xorij tajribasini oladigan bo‘lsak, Germaniyada yosh jurnalistlarning kasbiy etikasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor beriladi. Agar xodim bunga amal qilmasa, u nafaqat o‘z tahririyatida ishdan olinadi, balki bu davlatdagi boshqa OAV ham ishga yollamay qo‘yishi mumkin. Ya’ni, u yerda kasbiy rivojlanish tizimli amalga oshiriladi.
— Shu kunlarda qaysi nashrlar yoki jurnalistlarning faoliyatini kuzatib boryapsiz?
— Men barcha gazeta, televideniye, radio va boshqa media vositalarini kuzatib borishga harakat qilaman. Boisi yaxshi material qayerda berilishidan qat’i nazar, o‘z ahamiyatini o‘zgartirmaydi. Shu bois men biror tahririyatni alohida belgilay olmayman. Ko‘zatayotganim markaziy, biror tumandagi kichik nashr ham bo‘lishi mumkin. Masalan, «Zarafshon» gazetasining bosma shaklini doim ham topolmasamda, saytingiz orqali elektron shaklini kuzatib boraman. Agar unda chop etilgan biror dolzarb mavzudagi maqolani ko‘rmay qolsam, shogirdlarim tashlab berishadi. Shunday ekan yaxshi ish va uning muallifi doimo e’tibor markazimda bo‘ladi.
— Bosma nashrlarga mehringiz bo‘lakligini yaxshi bilamiz. Nima deb o‘ylaysiz, bizda ham ular rivojlangan davlatlardagi singari mavqega erishadimi? Gazetxonlikni ommalashtirish uchun nima qilish kerak?
— Bilasizmi, gazetxonlikni tiklash masalasi juda jiddiy mavzu. Bu bo‘yicha men qariyb 10 yildan beri o‘z munosabatimni bildirib kelaman. Qator maqolalar yozdik, televideniye va radiolarda chiqish qilib, bong uryapmiz.
Xorijiy safarlarda ham bosma nashrlarning holatini o‘rganishga harakat qilaman. Shuni afsus bilan aytishim kerakki, nafaqat O‘zbekiston, balki rivojlangan xorijiy davlatlarda ham bosma nashrlarning adadi kamaygan. Masalan, bosma nashrlar beshigi hisoblangan Buyuk Britaniyada bu yilgi saylovlardan keyin gazeta va jurnallarning adadi pasayishi taxmin qilinmoqda. Germaniyalik deputatlar bilan suhbatimiz davomida barcha murakkabliklarga qaramay gazetalardagi maqolalar televideniye va saytlar uchun trend mavzularni belgilab berishi, ya’ni asosiy masalalar gazetalar orqali yoritilishi bildirildi.
Shu nuqtai nazardan aytishimiz mumkinki, milliy gazetchiligimiz ham bosh urg‘uni tesha tegmagan mavzudagi tahliliy maqolalarga qaratishi kerak. Faqat shu yo‘l bilangina ular o‘z obro‘yini saqlab, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlab borishi mumkin.
— Ko‘pchilik OAV xodimlarining kasb bayrami davlat tomonidan e’tirof etilishini hazm qila olmaydi. Siz bunga qanday qaraysiz?
— Jurnalistlarning kasb bayramiga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi yoki aytaylik, davlat tomonidan OAVning qo‘llab-quvvatlanishi, moddiy ko‘mak berilishiga qarshi emasman. Lekin jurnalistlar bu e’tiborga tobe bo‘lib qolmasligi kerak. Jurnalistikada moliyaviy menejment yaxshi rivojlanyapti va bundan ko‘plab tahririyatlar unumli foydalanmoqda. Gap faqat an’anaviy reklama tushirish amaliyoti haqida emas. Aksariyat gazetalar biznesning qonun bilan ta’qiqlanmagan boshqa yo‘llari orqali ham yaxshigina daromad qilib, o‘zlarini moddiy jihatdan ta’minlayotganini e’tirof etish kerak.
— Beruniy Alimovdan yosh jurnalistlarga top 5 maslahat:
— Yosh jurnalistlarga asosiy maslahatim, ko‘proq bilim oling! Sababi professional jurnalist bilan bilimsiz jurnalist o‘rtasidagi farq bugun bo‘lmasa, ertaga bilinib qoladi.
Ikkinchi maslahatim, kasbga fidoyilik bo‘lishi kerak. Masalan, biror qiyin vaziyatda qolinsa, tushkunlikka tushish, taslim bo‘lish kerak emas. Jurnalistikaning tabiati shunday, biz uni tanladikmi, kurashishdan hech qachon tortinmaslik va to‘xtamaslik kerak.
Uchinchidan, ijodkor bo‘ling! Biz boshqa kasb egalaridan ijodkorligimiz bilan ajralib turamiz. Har qanday muammo, har qanaqa mavzuni olib chiqyapmizmi, unga ijodiy yondashishimiz shart. Ya’ni, o‘z uslubimizga ega ijodkor bo‘lishimiz lozim.
To‘rtinchidan, o‘z ustimizda ishlashdan to‘xtamasligimiz kerak. Masalan, shifokorlarni olib qarasak, ular yiliga kamida bir marotaba o‘qishga borishadi. O‘qituvchilar ham malaka oshiradi. Lekin afsuski, jurnalistlar bunga jiddiy e’tibor bermayotganini ko‘ryapmiz. Shunday ekan, har bir jurnalist yiliga 2-3 marta, onlayn yoki oflaynmi, farqi yo‘q, o‘z bilimlarini yangilash uchun seminar va treninglarda qatnashib turishi zarur.
Beshinchi masalaga kelsak, meni hayratda qoldirayotgan narsa – bu ichki senzuraning haligacha yo‘qolmayotgani. Bizning avlod haqiqiy senzurani ham, ichki senzurani ham ko‘rdi. Ko‘pchilik undan qutila olmayapti. Bizdagi kamchiliklar, aytaylik, ba’zi holatlarda o‘z vazifasini to‘laqonli bajarishda jasoratning yetishmasligi, ikkilanish yoshlarimizda bo‘lmasligini xohlardim. Ular bizga nisbatan dadilroq, mahoratliroq bo‘lishi kerak.
Fursatdan foydalanib, barcha ustozlarimiz, hamkasblarimiz, shogirdlarimizga kasb bayrami muborak bo‘lsin deyman. Qalamimiz har doim o‘tkir bo‘lsin!
— Sizni ham tabriklaymiz! Samimiy suhbat uchun rahmat!
Asqar BAROTOV suhbatlashdi.