"Zar topdim, zo‘r topdim, himoya topdim..."
Bugun taniqli shoira, jurnalist Xosiyat Bobomurodova tavallud topgan kun. Shoira 1950 yil 2 mayda Xatirchi tumanidagi Oqravot qishlog‘ida tavallud topgan.
Toshkent davlat pedagogika institutida tahsil olgan. 1967 yildan boshlab maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 1975 yildan maktab direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Viloyat “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi muxbiri, Samarqand viloyati Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib lavozimida ishlagan. “Zarafshon” nashriyoti direktori bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.
Serqirra ijodkorning “Daryodan qatra”, “Turnalarim”, “Qalb titrog‘i”, “Samarqandga maktublar”, “Men uzgan gullar”, “Bormisan, o‘zbek?”, “Murod qasri”, “Jonimnig egasi”, “Vatan yagonadir”, “To‘ylar muborak!”, “Kelin salom”, “Sensiz”, “Gul yomg‘iri”, “Vatan darsi” kabi she’riy to‘plamlari, “Qizilqum malikalari”, “Qirq o‘g‘lon qissasi”, “Samarqand sanamlari”, “Sahrodagi jannat” kabi publitsistik asarlari nashr qilingan.
“Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xalq ta’limi a’lochisi unvonlari bilan mukofotlangan.
***
SO‘Z
Dilimdan to tilimgacha so‘z,
Oyog‘imdan qo‘limgacha so‘z.
Tangrim, so‘zdan aylama judo,
Hayotimdan o‘limgacha so‘z…
Dunyosiga yo‘g‘u borimni,
So‘zim bilan aytib ketaman.
Tinglamasa tilim zorimni
Ko‘zim bilan aytib ketaman!
UZILGAN GULGA
Kim uzdi so‘ramayin
Biror og‘iz quyoshdan.
Qo‘rqmadimi ohingdan,
Qo‘rqmadimi ko‘zyoshdan.
Tuprog‘ingdan, suvingdan
Olmadimi, rozilik?
Hech qursa tikanlaring
Qilmadimi qozilik?
Yana uyalmay bog‘bon
Seni pulga sotdimi?
Bayram bahonasida
Quchog‘imga otdimi?
Seni kim majburladi,
Huzurimga kelmoqqa?
O‘zing rozi bo‘ldingmi,
Ko‘nglim uchun o‘lmoqqa?!
* * *
Yashaganing sari kamdir bu dunyo,
Anglaganing sari g‘amdir bu dunyo.
Orqaga qaytish yo‘q, bas deb aytish yo‘q,
Tinmay chorlaguvchi shamdir bu dunyo.
Faqat orzu bilan bunyod bu ochun,
Kimga mehri yolg‘on, kimga ishqi chin.
O‘zing-ku dunyoga sig‘may yuribsan,
Yana undan orom so‘raysan nechun?
Bandilik muborak so‘z zindonida,
Bilgilki, erk yashar shoir qonida.
Dilni qancha ezsang shuncha yashaysan,
She’r atalgan mangu haykal yonida.
TIKAN
Senga she’r bitmoqchi emasdim asli,
Gul tutib yo‘limga chiqib turmasang.
Yeru ko‘kni yoqqan saraton fasli,
Bunchalar yashamoq zavqin surmasang.
Yam-yashilsan, mayin maysa rangida,
Quyosh bor mehrini boshingdan to‘kkan.
G‘olibsan, chillaning olov jangida,
Tomiri daryoga yetgan ey, tikan!
TO‘RTLIK
Zar topdim, zo‘r topdim, himoya topdim,
Mehribon do‘stlaru hamsoya topdim.
Izlasam har so‘zdan bir g‘oya topdim,
Topolmadim faqat sening ko‘nglingni.