«Zarafshon» daldasi ijodimda quvvat bo‘ldi
Assalomu alaykum, qadrli «Zarafshon» gazetasi xodimlari. Men ushbuni sizlarga minnatdorlik xati sifatida yo‘lladim.
Bundan uch yil avval Samarqandga borib, Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyorat qildim. U kishi xotirasiga she’r yozib, tahririyatga bordim. Shunda bosh muharrir va ijodiy xodimlar menga iliq munosabatda bo‘lishdi, kitoblar sovg‘a qilishdi.
Bosh muharrir tavsiyasi bilan Islom Karimov muzeyiga mashqlarim va kitoblarimni yubordim. Ko‘p o‘tmay muzey direktoridan rahmatnoma oldim.
Afsuski, umumrtqamni operatsiya qilishgach, birinchi guruh nogironi bo‘lib qoldim, aravachada yuraman. «Zarafshon» xodimlari maslahati va daldasi menga ijodda quvvat bo‘ldi. She’rimni chiqarib, bu haqda menga xabar berishdi. Natijada «Yasha deydi yuragim» degan ikkinchi kitobimni yozdim.
Yangi yilda sizlarga yangi ijodiy omadlar tilayman va keyingi she’rlarimdan birini ilindim.
Hurmat bilan Marhabo KARIMOVA,
Kitob tumani, Minjir qishlog‘i.
Vatanim posbonlari
Qalbingizda Vatan ishqi bor,
Fidoyisiz ko‘ksi qalqonlar.
Vatan sizga har vaqt nomus or,
Mard va jasur, asl o‘g‘lonlar!
Sizlar sabab tinchmiz osuda,
Ayamaysiz hattoki, jonni.
Bizlar orom olib uyquda,
Qo‘riqlaysiz ona Vatanni!
Qorli bo‘ron, sovuq izg‘irin,
Uzun tunda yurasiz bedor.
Xizmatlarin aytay qay birin,
Sizlar tengsiz yurtga fidokor.
Qalbingizda Vatan ishqi bor,
Fidoyisiz ko‘ksi qalqonlar.
Bayramingiz bo‘lsin muboraq
Mard va jasur, asl o‘g‘lonlar!