"Zarafshon" gazetasi bilan 23 minginchi uchrashuv

Bunday deyishimizga sabab bor, albatta. Bugun sizu biz viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida muhim voqeaning shohidi bo‘lib turibmiz. Qo‘lingizdagi gazeta "Zarafshon"ning 23 minginchi soni. Demak, aziz mushtariylar bilan 23 minginchi uchrashuv bu. 

Shuncha voqealar, taqdirlar, qutlug‘ yo‘llar, unutilmas lahzalar, muqaddas xotiralar…
Bugun biz yana bir bor "Zarafshon" gazetasi bosib o‘tgan shonli yo‘lga nazar tashlashni ixtiyor etdik. Takror va takror aytishimizning boisi gazeta o‘tmishi, buguni bilan mushtariylarni tanishtirib borish bo‘lmay, milliy matbuotimiz shakllanishida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan otaxon nashrni yoshlarimiz ongi shuuriga oz bo‘lsa-da, ma’rifat uchqunini solish deb o‘yladik.
O‘zbekistonning boy kechmishi bilan hamohang bo‘lib kelayotgan "Zarafshon"ning bu qutlug‘ sanasi milliy matbuotimiz tarixi, rivoji bilan chambarchas bog‘liqligini nazarda tutsak, gazeta o‘ta murakkab yo‘lni bosib o‘tganligi, unda mehnat qilgan ma’rifatparvar insonlar butun umrini odamlarga ziyo ulashishdek o‘ta savobli ishga bag‘ishlaganligining guvohi bo‘lamiz.
O‘zbek matbuoti va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan gazetaning ilk soni Samarqand jadidlarining to‘ng‘ich gazetasi sifatida "Samarqand" nomi bilan 1913 yil 15 aprelda Mahmudxo‘ja Behbudiy mas’ul muharrirligida chiqa boshlaydi. Haftada ikki marta ikki betlik bo‘lib chiqqan ushbu gazetaning shakllanishida ma’rifatparvar insonlar – Said Rizo Alizoda, Hoji Muin, Fitrat, Rojiy, Siddiqiy-Ajziy, Nurmuhammad Bek o‘g‘li, Kamiy faol qatnashganlar.

Bugungi "Zarafshon" gazetasining tamal toshi shu tarzda qo‘yilgan edi. Ya’ni, sho‘ro hukumati tomonidan belgilanganidek, gazetaning ilk soni chiqqan sana "1917 yil aprel" emas, balki "1913 yil aprel" oyi hisoblanadi. Bu sanani Turkistonda, xususan, Samarqandda o‘zbek tilidagi vaqtli matbuotning paydo bo‘lishi ham deb qabul qilish mumkin.
1917 yildan keyin chiqqan "Hurriyat" gazetasi "Samarqand"ning bevosita davomi va merosxo‘ri edi. 

Gazeta nima uchun "Hurriyat" deb atalgan? Bunday nom olish o‘sha davr nuqtai nazari bilan qaraganda bejiz emasdi. Yaqindagina oq podsho ag‘darilgan, Rossiyaning barcha mustamlakalarida hurriyat e’lon qilingan kunlar edi. Shubhasiz, samarqandlik ziyolilar ham ana shu hurriyatga katta ishonch va umid bilan qaraganlar. Shu bois ro‘znomaning dastlabki sonlari ana shu ruh, ana shu shukuh, shu intilish bilan  sug‘orilgan.
1918 yil 11 iyundan e’tiboran "Hurriyat" gazetasi "Kambag‘allar tovushi" nomi bilan chiqa boshladi. Oradan ikki yil o‘tgach, 14 oktyabrda "Kambag‘allar tovushi"ni "Mehnatkashlar tovushi" davom ettirdi.
1922 yilning may oyiga kelib, gazeta "Zarafshon" nomi bilan chiqa boshladi. Gazeta o‘sha paytda xalq xo‘jaligini tiklash davrida juda katta ommaviy tushuntirish ishlarini amalga oshiradi. Uning tashkilotchilaridan biri o‘ozi Yunus edi. U gazeta uchun Toshkentdan bir necha pud harf, 15 pud qog‘oz hamda ikki nafar harf teruvchi olib kelgan. Gazetaning birinchi soni 1922 yilning 22 oktyabrida katta formatda 1,5 ming nusxada chop etiladi.

1924 yilga kelib, gazeta jiddiy moddiy qiyinchiliklarga uchragan. Biroq gazetxonlar o‘zlarining sevimli nashrini yana tiklab olishda qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamaydilar. Bir yil o‘tgach, gazeta 3,5 ming nusxada, haftada ikki marta emas, uch marta chop etiladigan bo‘ladi. 1928 yilning noyabrida respublika "Qizil O‘zbekiston" gazetasi redaksiyasi Samarqandga ko‘chirilganligi munosabati bilan "Zarafshon" gazetasini yopishga to‘g‘ri keladi.

1930 yil noyabrdan boshlab yana "Zarafshon" o‘z muxlislari qo‘liga yetib boradigan bo‘ldi. Keyinchalik "Lenin yo‘li" deb o‘zgartirilgan gazeta 1931 yildan e’tiboran kundalik nashrga  aylandi.
A-3 formatda chiqarib kelinayotgan gazeta 1956 yilning 1 avgustidan e’tiboran hozirgi hajmda bosila boshlanadi.
Gazetaning keyingi faoliyati ham davr ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lib, jamiyatning otashin targ‘ibotchisiga aylanganligi e’tirofga loyiqdir. Biroz moziyga qarab ish ko‘radigan bo‘lsak, har bir kun tarixning zarvarag‘i bo‘lib qolganligini ko‘rish mumkin. 

Shulardan ayrimlari – 1941, 1943-1944 yillarda atoqli siyosat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov gazetaga muharrirlik qilgan. 
1964 yilda "Lenin yo‘li" gazetasining o‘n minginchi soni chiqqan.
1967 yil 31 oktyabrda "Lenin yo‘li" va "Leninskiy put" gazetalari birinchi soni chiqqan kunga 50 yil to‘lishi munosabati bilan sobiq SSSR Oliy Soveti Prezidiumining farmoniga muvofiq "Hurmat belgisi" ordenlari bilan taqdirlangan. 1967 yilning 20 noyabrida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining o‘sha paytdagi birinchi kotibi Sharof Rashidov Samarqand opera va balet teatri binosida gazetalar bayroqlariga "Hurmat belgisi" ordenini qadab qo‘ygan. 

1976 yilda "Lenin yo‘li" gazetasi sanoat mavzusini yoritish bo‘yicha sobiq ittifoq tanlovida g‘olib chiqib, SSSR Jurnalistlar ittifoqi hamda "Jurnalist" jurnalining diplomi va pul mukofotiga sazovor bo‘ladi. Gazeta 1976 yilda 60 ming nusxada chop etilgan. 
Gazeta 1991 yildan boshlab yana "Zarafshon" nomini oldi. Yana qancha tanlovlar g‘olibligi-yu, mukofotlar – bular gazeta ijodiy xodimlarining ham mas’uliyatli, ham mashaqqatli mehnatiga berilgan yuksak bahodir.

Yana faktlarga murojaat qilamiz. 2009 yil 29 dekabrda "Zarafshon" yana katta formatda, 2010 yil 10 iyundan esa rangli holda bosila boshladi. "Zarafshon" maktabida yetishib chiqqan 7 kishi "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoniga sazovor bo‘ldi. 2013 yilda gazetaning yuz yilligi nishonlandi.
"Samarqand", "Hurriyat", "Zarafshon" gazetalari, "Oina", "Mashrab", "Sharq" jurnallari taxlamlarini varaqlar ekanmiz, mualliflarning dolzarb mavzularga jasorat bilan yondashganini ko‘ramiz. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Said Rizo Alizoda, Hoji Muin, Mirza Qo‘qandiy imzosi bilan chiqqan maqolalarda jur’at, tahlil, ma’rifatga chorlov bo‘rtib turadi. O‘tgan asr boshida shakllangan bu an’analar Samarqand jurnalistika maktabining asosi bo‘lib qoldi. Shu maktab ruhiyati ta’sirida asr mobaynida jurnalistlarning yangi avlodlari yetishib chiqdi. Ularning ko‘pchiligi O‘zbekiston matbuotining taniqli namoyandalari bo‘lib yetishdi.

Bugun tahririyatga jurnalistikaning zamonaviy tizimi kirib keldi. Gazeta tahririyatning o‘zida sahifalanmoqda. Har bir ijodiy xodim muayyan, aniq yo‘nalishda ishlashga ixtisoslashgan. 
Gazetaning internetdagi veb-saydi zarnevs.uz joriy yilda mustaqil ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ayni paytda mazkur sayt on-layn ko‘rinishida ishlayapti. Shuningdek, bugun bir qator ommaviy ijtimoiy tarmoqlarda ham "Zarafshon" sahifalari mavjud.
Aytish mumkinki, Samarqand jurnalistika maktabi hozirjavoblik va badiiy mahoratda doimo e’tirof etib kelinadi. Bunda ustozlarning yosh jurnalistlarga g‘amxo‘rligi, talabchanligi, mavzu topishdagi ustaligi xodimlar uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilayotir.

Viloyat hokimligi, jamoat tashkilotlari gazetani o‘qishli, hammabop chiqarishga yordam berayotir. Tahririyat qoshida "Jurnalistik mahorat maktabi" faoliyat ko‘rsatmoqda. Muzey ishlab turibdi. Qayta ta’mirlanib, zamonaviy jihozlangan tahririyat binosida erkin ijod qilish uchun barcha shart-sharoit   yaratilgan.
Gazeta davr bilan hamqadam dedik. Bu gazeta ijodkorlarining asl matlabi, muddaosi. Viloyatimizda, qolaversa, respublikamizda keyingi yillarda yuz berayotgan misli ko‘rilmagan o‘zgarish va evrilishlar iqtidorli jurnalist Farmon Toshev rahbarligidagi jamoani yanada ruhlantirmoqda. Ko‘proq xalq ichida bo‘lish, ular bilan muloqot qilish, voqea-hodisalarni ommaga yetkazishda tezkorlikni qo‘ldan bermaslik tahririyat xodimlarining maqsadiga aylangan. Shu ma’noda gazetada yangi-yangi ruknlar ochilmoqda, dolzarb mavzularda maqolalar chop etilmoqda. Xullas, davr shiddati "Zarafshon" ijodkorlariga o‘zgacha g‘ayrat, shijoat, ilhom bag‘ishlab, faol ijod qilishga undamoqda. 

Adham HAYITOV,
Akram HAYDAROV,
"Zarafshon" muxbirlari.