"Zarafshon" muxbiri savollariga Samarqand viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i javob berdi (Lekin hammasiga emas)
- “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga asosan tinchlik davrida oddiy askarlar va serjantlar tarkibi lavozimlarida muddatli harbiy xizmatga, shuningdek, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladi, - deydi Samarqand viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Farhod Alimxodjayev. - Mazkur qonunda umumta’lim maktablarida, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan chaqiriluvchilar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi o‘qishda tahsil olayotgan talabalar o‘qishni davom ettirishlari uchun ularning chaqirilish muddati o‘qishni tamomlaguniga qadar kechiktirilishi belgilangan. Muddatli harbiy xizmatga o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ma’lumotga ega fuqarolar chaqiriladi.
Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tuman, shahar chaqiruv komissiyasining qarori asosida ularning oilaviy sharoitiga, salomatligiga ko‘ra amalga oshiriladi.
- Demak, muddatli yoki safarbarlik rezerviga harbiy xizmatga olinishida yigitning salomatligi va oilaviy sharoiti ahamiyatga ega. Shunday ekan, muddatli harbiy xizmatga saralash va tanlash jarayonida ota-onalar yoki chaqiriluvchilarda e’tirozlarga o‘rin qoldirmaslik uchun qanday ishlar amalga oshirildi?
- Muddatli harbiy xizmatga saralash va tanlash ishlari “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida tashkil qilinmoqda.
Tuman, shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har bir hududdagi kollej va maktablardan muddatli harbiy xizmatga tanlab olishda chaqiriluvchilar bilan o‘tkaziladigan kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat uchun bino va xonalar ajratildi. Chaqiriluvchilar bilan kasbiy tanlov o‘tkazish xonalari 25 ta kompyuter, yetarli miqdordagi mebellar va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Jarayonga maktab va kollej o‘qituvchilari jalb etildi. Shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida chaqiriluvchilarning ota-onalariga o‘tkazilayotgan tanlov tadbirlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Buning uchun ajratilgan alohida xonada o‘rnatilgan katta ekranli monitorga kuzatuv kameralari orqali ichkaridagi jarayonlar uzatildi.
Tanlov kengashi tomonidan o‘tkazilgan yakka tartibdagi suhbat jarayoni, ya’ni chaqiriluvchilarning O‘zbekiston tarixi, Temur tuzuklari va boshqa ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga doir bilimlarini aniqlash tanlov komissiyasi vakillari bilan birgalikda videokameralar bilan jihozlangan xonalarda tashkil etildi.
- O‘tgan yilda muddatli harbiy xizmatga saralashning yangi tartibi joriy qilindi. Ammo odamlar jarayonda hamon mudofaa ishlari tizimi xodimlari mavqei katta, degan fikrda.
- Yangicha tartibga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga saralash va tanlashni amalga oshirish uchun tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida butlash komissiyasi, viloyat miqyosida rahbariyat kengashi tuzildi. Butlash va rahbariyat kengashi a’zoligiga Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlari jalb etildi. Ular saralash va tanlov ishlarida to‘liq qatnashdi.
Ilgari viloyat tibbiy komissiyasida sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan ajratilgan vrachlar chaqiriluvchilarning sog‘liq darajasini aniqlab berardi. Endi harbiy tibbiy komissiyalar tuzildi, bu ishda sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ajratilgan vrachlar bilan birga harbiy gospital vrachlari ishtirok etadi.
- Joriy yilda muddatli harbiy xizmatga chaqiruv karantin e’lon qilinganligi sababli to‘xtatilgandi. Ammo kutilmaganda 9 iyun kuni bir guruh chaqiriluvchilar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi.
Ayting-chi, jarayon nima uchun jamoatchilikdan sir tutildi? Hali ham bu haqdagi ma’lumotlar oshkor qilinmadi.
- Aslida bu yerda hech qanday sir bo‘lishi mumkin emas. Chunki mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi COVID-19 tarqalishi munosabati bilan joriy yilning 16 martidan karantin e’lon qilindi. Shu bois, Mudofaa vazirining buyrug‘iga asosan joriy yil 20 martdan muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlari vaqtinchalik to‘xtatildi.
Mudofaa vazirining navbatdagi - 19 mayda chiqarilgan buyrug‘ida muddatli harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlari 1 iyundan 15 iyulga qadar o‘tkazilishi belgilandi. Shu asosda viloyatimizda chaqiriluvchilar dastlab COVID-19 infeksiyasi uchun test topshirdi. Test natijalari ijobiy chiqqan barcha chaqiriluvchilar 2020 yil 9 iyun kuni bir yo‘la kichik mutaxassislar tayyorlash markazida yuvintirib, kiyintirildi. Ular karantin qoidalariga amal qilgan holda bayram va kuzatish tadbirlari o‘tkazilmasdan muddatli harbiy xizmatga yuborildi.
- Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar orasida joriy yilda ham tanlovdan norozi bo‘lganlar bormi?
- Joriy yil mart oyidan hozirgi kunga qadar 9 nafar chaqiriluvchi muddatli harbiy xizmatga borish masalasida ariza bilan murojaat qilgan. Aksariyat chaqiriluvchilarning sog‘lig‘iga ko‘ra 1 yilga davolanishi uchun muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi kechiktirilganligi tushuntirilgan. Murojaatlarda bildirilgan vajlarning birontasi ham isbotini topmagan.
Yoqubjon MARQAYeV suhbatlashdi.
Tahririyatdan: Boshqarma boshlig‘i quyidagi bir qator savollarimizni javobsiz qoldirdi:
* Joriy yilda xizmatga yaroqli, deb topilgan yigitlarning jismoniy va ruhiy holatida 2019 yil yoki undan oldingi davrdagilardan qanday farqli jihatlari bor?
* O‘zgarishlar ijobiy bo‘lsa, bu qaysi omillar bilan bog‘liq deb o‘ylaysiz? Salbiy bo‘lsa, bu haqda tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish uchun qaysidir tizim yoki biror bir mas’ul shaxslarga murojaat qilganmisiz?
* Chaqiriluvchilarning intellektual salohiyati haqida nima deya olasiz?
* Yoshlarni chaqiriqqa qadar tayyorlash borasidagi ishlar bugun aksariyat joylarda qoniqarsiz ahvolda. Bunda albatta, maktablardagi moddiy-texnik baza yetarli emasligi ham muhim rol o‘ynaydi. Lekin tizimda ijobiy o‘zgarish qilish viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi faolligiga ham bog‘liq. Negaki, shahar, tuman mahalliy byudjetidan zarur mablag‘ ajratilishi uchun aynan soha mutasaddilari jon kuydirishi talab etiladi. Shunday emasmi?
* Yoshlarni chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarligi bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar qaysi tuman yoki shaharda boshqalarga namuna bo‘la oladi?