@zarafshonbot ga murojaat: Nafaqamizni undirib berish kimning vakolatiga kiradi?
Tuman "Qishloqxo‘jalikximiya" (hozirgi "Agrohimoya") korxonasida ishlab, biz - J.To‘rayev 22 yil, B.Shukurov 8 yil "OVX" traktori haydaganmiz, S.To‘xtaniyozov 31 yil xo‘jalikda agronomlik qilganmiz. Kasb kasalligiga uchrab, ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qolganimiz bois “Agrohimoya” AJ Ishtixon tumani filialidan mehnatda sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar puli olardik.
Lekin 2020 yil aprel oyidan buyon korxona rahbarlari turli sabablarni ro‘kach qilib, bu pullarni bermay kelyapti. 2021 yil 1 aprel kuni Bosh prokuraturaning sayyor qabulida respublika Bosh prokurori o‘rinbosari E.Yuldashevga ushbu masala bo‘yicha murojaat qildik.
Bizning murojaatimiz Ishtixon tumani prokuroriga topshirilib, bir hafta ichida nafaqamizni undirib berish yuklatildi. Ammo tuman prokurori “Bunga mening vakolatim yo‘q” degan javobni berdi.
Shundan so‘ng fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga murojaat qildik. Sudning 2021 yil 6 apreldagi buyrug‘i bilan arizamiz qanoatlantirilib, mehnatda sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar pulini undirib berish Majburiy ijro byurosiga yuklatildi.
Lekin Majburiy ijro byurosi Ishtixon tumani bo‘limi boshlig‘i N.G‘aniyev “Men faqat soliq va byudjet mablag‘larini undirib beraman, sizlarning pullaringizni undirishga vakolatim yo‘q” deb javob berdi.
2021 yil 1 iyul holatida biz va yana ikki nafar sobiq ishchining nafaqa pullari 34 million 58 ming 745 so‘mni tashkil etadi. Xo‘sh, ayting, nafaqa pullarimizni kim undirib beradi? Bu kimning, qaysi idoraning vakolatiga kiradi? Salkam ikki yil davomida bermagani uchun tashkilot mas’ullariga chora ko‘riladimi? Sud qarorini hech kim bajarmasa, biz kimga murojaat qilaylik?
Tolliboy Jo‘rayev,
Samariddin To‘xtaniyozov,
Bolta Shukurov,
Ishtixon tumani “Ko‘ktepa” mahallasi.