@zarafshonbot‘ga ikkinchi murojaat: Shahar markazidagi tovuqxonaning egasi “zo‘r”mi yoki hokimlik mutasaddilari masalaga nega beparvo?
Ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olish, o‘zini e’tiborsiz, beparvo qilib ko‘rsatish eng yomon odat. Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari bunday illatning oqibatini anglab yetishmagan shekilli, saytimizda joriy yilning 17 fevral kuni e’lon qilingan “Shahar markazida minglab tovuq boqib, havoni ifloslantirayotganlarga chora bormi?” sarlavhali maqolaga munosabat bildirishni o‘zlariga ep bilishmayotir.
Negaki, ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan har qanday murojaat mazmunidagi xabar yoki lavhalarga 5 soat ichida munosabat bildirish kerakligi viloyat hokimligi yig‘ilishi bayonida belgilab qo‘yilgan. Shunday bo‘lgach, shahar hokimligi mutasaddilarining bu hujjat ijrosiga beparvo bo‘layotganini qanday baholash mumkin?
Xo‘p, bu ichki hujjatdir, biron joyda e’lon qilinmagani uchun uning ijrosi tor doirada muhokama qilinar. Ammo jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari uchun alohida qonun qabul qilingan-ku?! Samarqand shahar hokimligi 2017 yilda qabul qilingan mazkur qonun talablaridan ham bexabarmi?
Qonunda ko‘rsatilishicha, ariza yoki shikoyat masalaning mazmunan hal etilishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
To‘g‘ri, qonunga ko‘ra, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin. Ammo bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinishi kerak emasmi?