@zarafshonbot‘ga murojaat: Bulung‘urdagi shifokorlardan minnatdorman. Ammo shifoxona sharoitidan emas...
Surunkali bronxitim qo‘zg‘ab, tobim qochdi. O‘tib ketar, degan o‘ydagi beparvoligim ahvolimni jiddiylashtirdi. 18 iyul kuni tez yordam chaqirishga to‘g‘ri keldi. Menda holsizlik, nafas yetishmovchiligi kuzatilayotgandi. Ikki soatda yetib kelgan tez tibbiy yordam “Analgin”, “Dimedrol”, “Deksametazon”dan ukol qilib, shu bugun SESga borib test topshirishim zarurligini tayinlab ketdi. Zudlik bilan SESga borsak ish vaqti tugab, faqat navbatchi laborant bor ekan. U menga dushanba kuni tez tibbiy yordam bilan kelib test topshirishim kerakligini aytdi.
Nafas xurujlarini ming azobda o‘tkazib, ertasi kuni yurishga, gapirishga holim qolmaganda Samarqand shahridagi “Bionur” klinikasida ko‘krak qafasimni multispiral tomografiya qilishdi. Tomografiya xulosasiga ko‘ra, o‘pkalarda kengaygan multifokal o‘zgarishlar, virusli pnevmoniyaning yuqori xavfi tashxisi qo‘yildi.
Yaqinlarim Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga olib bordi. Kechasi bilan, hamshira Muqaddas Haydarova, sanitar xodimi Gulnoz Mamarajabova uxlamay bemorlar holidan xabar olib chiqdi. To‘g‘ri, ular ham meni Sovid-19 ga shubha qilishayotganidan xabari bor edi. Bu haqda xabar topgan kunduzgi smena tibbiyot xodimlari ayyuhannos soldi. Kimdir bola-chaqasi borligini aytib yig‘ladi, kimdir yoshi kattaligi, mabodo kasallikni yuqtirib olsa, yenga olmasligini aytib, opamga yopishdi. Dahanaki janglar shundoqqina men yotgan palata tagida bo‘ldi. Opam ularga mening surunkali bronxitim, allergik astmam borligini, o‘sha paytda ahvolim o‘ta og‘ir bo‘lganligi, bundan yomon kasallar ham bu yerda davolangani, hech kim shu paytgacha kasal yuqtirmaganini tushuntirishga urinar, lekin hech kim tushunishni istamasdi. Bosh shifokor o‘rinbosari qat’iy ohangda: “Har biringizning qo‘lingizda harbiy bilet bor. Tasavvur qiling, butun dunyoda bamisoli biologik urush ketyapti. Biz harbiy sifatida bu ko‘zga ko‘rinmas yov bilan kurashishga majburmiz. Kim jang qilmayman desa, marhamat, arizasini yozsin va uyiga ketaversin. Bemorning ahvoli jiddiy. Shuning uchun o‘ziga kelguncha qarashimiz shart” degach, ovozlar tindi.
Palata dezinfeksiyalandi, eshik tutqichlariga spirtli dokalar qo‘yildi va eshiklar taqa-taq yopildi. Ketma-ket nafas xurujlaridan jonim ko‘zimga ko‘rinib, bir ahvolda yotibman. Yonimdagi hamxonam 80 yoshlarni qarshilagan onaxon quloqlari og‘irligi sabab, janjallardan, gumonlardan bexabar yotibdi. Uning oldiga kirib, dori-darmonlarini quyishadi-yu, darhol ortga qaytishadi. Nafas ololmay to‘lg‘onishlarimga chidolmagan onaxon yonidagi stolni mushtlaydi, bolam, qarasalaring-chi, deya baqiradi. Vrachlar kirib qisqa savol-javob qilishdi:
- Isitma qildingizmi?
- Yo‘q.
- Tanangiz, mushaklaringizda og‘riq bormi?
- Yo‘q.
- Ichingiz o‘tmayaptimi?
- Yo‘q.
- Uydagilaringiz karantinga olinganmi?
- Yo‘q.
- Nima bezovta qilyapti?
- Nafas olishga qiynalyapman, havo yetmayapti, - holsiz shivirladim.
Nihoyat, soat 16:00 larda meni yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib o‘tishdi. Qizig‘i, bu yerdagilarning kelishimdan xabari yo‘q ekan. Yana mashmasha boshlandi. Nihoyat, bosh vrach L.Maxramov aralashuvi bilan bo‘limga olindim. Jonlantirish bo‘limidagi tibbiyot xodimlarining munosabatlaridan yuragim zirqillagancha palataga kirib keldim. Bu yerda shifokor Orifjon Berdinazarov boshchiligida ikki nafar hamshira, farrosh va sanitar xodim navbatchilik qilayotgan ekan. Shifokor darhol ahvolim bilan tanishib, kislorodga uladi. Yengil tortdim. Hamshiralar tinimsiz holimni so‘rab turishdi. Issiq kunda qalin kiyingan, ko‘zoynak ortidan mehr bilan tikilgan bu ko‘zlarga qanday minnatdorlik bildirishni bilmadim.
Ertasi kuni biroz o‘zimga keldim. Muolajalarimni qilayotgan hamshira Ra’noni gapga tutdim:
- Sizlar ham oshirilgan oylik olyapsizlarmi?
- Yo‘q, opa, faqat 6 foizli ustama berishyapti.
- Nega talab qilmaysizlar?
- Qo‘ying, opa, kerakmas, berishmasa ham mayli. Faqat shu pandemiya ertaroq tugab, bironta ham odam kasal bo‘lmasa bo‘ldi, - deydi chin dildan.
- Hojatxonadagi ikkita unitaz ham, vodoprovod ham ishlamas ekan, u yerdagi bochkalarni qanday to‘ldirasizlar?
- Opajon, pastdan chelaklab tashiymiz, - dedi.
- Kelgan kunim sizlarni ham qiynab qo‘ydim. Tong otguncha na men, na sizlar mijja qoqdingiz. Bunday uzluksiz mehnatdan toliqib qolmayapsizlarmi?
- O‘sha kuni tongga borib nafas olishingiz yaxshilanib, xurujlar kamaygach, palatangizdan chiqdimu, rosa yig‘ladim. Xayolimda sizga qo‘shilib men ham yengil nafas ola boshlaganday bo‘ldim. Qizlar ham tonggacha sizdan xavotirlanib, xudodan shifo so‘rab chiqishdi.
Hamshiraning gaplaridan ko‘zimga yosh qalqdi.
- Ra’no, 14 kun, bir kunda 24 soat ishdasiz. Hamshiralar uchun dam oladigan xona bormi?
- Yo‘q, dam olish xonasi yo‘q.
- Unda qayerda uxlaysizlar?
- Hozircha bo‘sh palatalar borku, muammo yo‘q, opa.
Qiziq, salkam 5 oydan buyon mamlakatimiz pandemiya holatida, shifoxonaning hojatxonasi va suv masalasini hal qilish mutasaddilar uchun katta muammo bo‘lmasa kerak. Nahot, shu muammoni bartaraf etish qiyin bo‘lsa?
Nafas olishim qiyinlasha boshlagach, shifokor va hamshira qayta urinishlardan so‘ng kislorod balonni ishga tushirishdi va aybdor ohangda: “Opajon, balonimizning reduktori yo‘q ekan. Sizniyam kuttirib qo‘ydik. Ahvolingiz yaxshimi?” dedi mehribonlik bilan.
Kunning ikkinchi yarmida darvozaning qattiq taqillashidan sergak tortdim. Sekin derazadan pastdagi holatni kuzatdim. Hamshiralar bir-birini chorlagancha chopib qoldi. Darvozani ochgan shifokorga tez yordam xodimlari bemorning ahvoli og‘irligini tushuntirishdi. So‘ngra qalin kombenzonlardagi hamshiralar bemor mustaqil harakatlana olmayotganini aytib, kasalxona eshigigacha zambilda ko‘tarib kelishdi. Yaxshiyam bemor kichik jussali juvon ekan. Zambilni bir amallab ko‘tarib chiqishdi.
XXI asr - rivojlangan texnologiyalar davrida yashayotganligimizni bong urib aytamiz, biroq pandemiya sharoitida tez tibbiy yordam mashinalari va karantin hududlari zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlanmaganini qanday tushunish mumkin? Qaniydi, mutasaddi tashkilotlar bu borada ozroq e’tiborli bo‘lsa...
Navbatdagi xurujdan entikib o‘tirsam, telefonim jiringladi. Begona raqam. Ko‘tardim. “Opajon, assalomu alaykum, ahvollaringiz yaxshimi, yaxshi bo‘lib qoldingizmi? Hayron bo‘lmang, meni tanimaysiz, opangiz orqali sizdan xabar topdim. Ismim Sherzod, familiyam Shodmonov. Shifokorman. Hozir bevosita jarayonlarda ishtirok etayotganligim bois siz bilan telefon orqali bog‘lanib, tezroq sog‘ayishingizga hissamni qo‘shsam deyman”, dedi. U bir qancha tavsiyalarni bergach, “Opajon, keling endi nafas mashqlarini qilamiz. To‘g‘ri, boshda biroz qiynalasiz, keyin yaxshi bo‘ladi. Qilolmayman, demang, harakat qilib ko‘raylik. Yotib qolsangiz kasallik sizni yengib qo‘yishi mumkin. O‘rningizdan turib, mashqlarni bajarsangiz kasallik chekinadi”, dedi.
Qiyinchilik bilan boshlangan mashqlar samarasini tezda ko‘rsatdi. Nazarimda, xurujlar ham ancha kamaydi. Kimligidan qat’i nazar, yordamga shay shunday shifokorlar borligidan boshim ko‘kka yetdi.
Holimni so‘rab palataga kirgan shifokor Orifjonga:
- Uka, test javobidan darak bormi? Bugun to‘rtinchi kun. Shubhalar ham qiynab qo‘yarkan, - dedim.
- Yo‘q hali, 21 iyulda topshirgan bemorlarimizning ham test javoblari kelgani yo‘q. Qaniydi, shu test tizimi tezlashtirilsa, davolash jarayonida ko‘p jihatdan foydasi bo‘lardi, - dedi.
Bemor sifatida shifokorlarning xizmatidan minnatdorman, ammo shifoxona sharoiti zamon talabiga javob bermaydi. Qachon, Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasining yuqumlik kasalliklar bo‘limida zamonaviy shart-sharoitlar yaratiladi?
Nigora UROLOVA,
jurnalist.
Tahririyatdan: Ayni paytda murojaatchi Bulung‘ur tumani tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida davolanmoqda. U jonkuyar tibbiyot xodimlari - Orifjon Berdinazarov, Sherzod Shodmonov, hamshiralar - Ra’no Qobilova, Gulnora Xolnazarova, kichik tibbiyot xodimlari - Dilorom Xotamova, Maqsuda Rabbimqulova, Laylo Jabborovalarga minnatdorchilik bildirib, shifoxonadagi bir qator kamchiliklarni tilga olgan. Mutasaddi rahbarlar shifoxonadagi muammolarga e’tibor qaratadi va natijasi haqida bizga ma’lum qiladi, degan umiddamiz.