@zarafshonbot‘ga murojaat: Ko‘rsam, imkoniyatim bo‘lganda o‘zim sozlatardim, ko‘radiganlar esa ko‘rmaslikka olmoqda
Samarqand tumani Gulobod mahallasidagi 3-uy, 13-xonadondan murojaat qilyapman. Turmush o‘rtog‘im va o‘zim ko‘rish qobiliyatimiz yo‘qligi bois I guruh nogironimiz.
Ikki yildan oshdiki, biz yashayotgan xonadonning isitish tizimi (kotyol)dan suv tomchilaydi. Buning oqibatida isitish tizimining avval tok stabilizatori kuydi, endi esa temir qurilmalar zanglab, devor suvoqlari ko‘chib tushyapti.
Uning ustiga, suv, oqova quvurlari atrofi bekitilmagani sabab yerto‘ladagi sichqonlar ham uyimizda “mehmon” bo‘lib, bezovta qilyapti. Quruvchilar vannaxonamizning ayni yuvinadigan, suv sachraydigan qismiga rozetka o‘rnatgani oqibatida bizni ba’zida tok ham urish holati sodir bo‘lyapti.
Ko‘p qavatli uyni qurgan tashkilot mutasaddisi avvaliga sozlab berishni va’da qildi-yu, keyin qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermay qo‘ydi. Mahallamiz raisi imkoniyati yo‘qligini aytgan bo‘lsa, tuman uy-joy kommunal xizmat idorasi vakillari hali hududimizda shirkat mavjud emasligini bahona qilishdi. Tuman hokimligi mutasaddilari esa dardimizni eshitishni ham istamaydi.
Iltimos, bizga yordam bering!
Malika Obloqulova.